2025-yil yakunlari bo‘yicha respublikada uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni 295 mingtani tashkil etib, 15% dan ziyod o‘sdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida qayd etilgan.

Hududlar kesimida yil davomida faollikning eng sezilarli o‘sishi Buxoro (25,7%), Sirdaryo (23,3%) va Samarqand (19,7%) viloyatlarida kuzatildi.

2025-yilda respublika bo‘yicha uy-joy oldi-sotdi bitimlarining taxminan 30%i poytaxt bozori hissasiga to‘g‘ri keldi. Toshkent shahrida savdo hajmi 18,2% ga oshib, taxminan 84 ming bitimni tashkil etdi.

ko'chmas mulk, uy-joy

Toshkent shahrida ko‘chmas mulk bozori

Toshkent shahrining ikkilamchi uy-joy bozorida o‘tgan yil davomida bir kvadrat metrning o‘rtacha qiymati biroz oshdi (+0,6%) va $1100 dan ko‘proqni tashkil etdi.

Shu bilan birga, narxlarning eng sezilarli pasayishi Mirzo Ulug‘bek va Chilonzor tumanlarida kuzatildi va taxminan 5% ni tashkil etdi.

Shu bilan birga, poytaxtning ko‘chmas mulk birlamchi bozorida yil davomida narxlarning ancha sezilarli o‘sishi kuzatildi. Uy-joyning o‘rtacha qiymati 9% dan ko‘proqqa oshdi.

Toshkent shahrida eng yuqori narx o‘sishi Mirobod (18%), Yashnobod (14%) va Mirzo Ulug‘bek (13,5%) tumanlarida kuzatildi.

Poytaxtda ijara narxlari

Eng yuqori ijara narxlari poytaxtning markaziy tumanlarida saqlanib qoldi. Xususan, Shayxontohur, Mirobod va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi bir kvadrat metr uchun $11 darajasida qayd etildi.

Shu bilan birga, ijara stavkalarining o‘sish sur’ati Olmazor, Yashnobod va Shayxontohur tumanlarida sezilarliroq bo‘ldi, bu yerda yillik o‘rtacha o‘sish taxminan 11%ni tashkil etdi

ko'chmas mulk, uy-joy

Ikkilamchi uy-joy bozori

2025-yil yakunlariga ko‘ra, ko‘chmas mulk ikkilamchi bozorida narxlar dinamikasining mo‘tadil tezlashishi kuzatildi. Mamlakat bo‘yicha ikkilamchi uy-joy bozorida narxlarning o‘sishi o‘rtacha 8%ni tashkil etdi, 2024-yilda esa ushbu ko‘rsatkich 6,2% darajasida bo‘lgan edi.

Yil davomida narxlarning eng yuqori o‘sish sur’atlari Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etilib, ushbu hududlarda uy-joy narxining o‘rtacha yillik o‘sishi taxminan 17% ni tashkil etdi.

ko'chmas mulk, uy-joy

Yil yakuniga ko‘ra, ikkilamchi uy-joy uchun eng yuqori narxlar poytaxtda saqlanib qoldi. Shuningdek, nisbatan yuqori narxlar Samarqand viloyatida — bir kvadrat metr uchun $834, Toshkent viloyatida esa $682 ni tashkil etdi.

Uy-joy uchun eng past narxlar Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etildi — bir kvadrat metr uchun $378.

Shuningdek, nisbatan past narx darajasi Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlarida kuzatilib, u yerda bir kvadrat metrning o‘rtacha qiymati taxminan $454 ni tashkil etdi.


Avvalroq O‘zbekistonda ko‘p qavatli uy-joylarni foydalanishga topshirish qat’iylashtirilishi haqida xabar berilgandi.

Ko‘p kvartirali uylar haqidagi texnik, kadastr va resurs iste’moli ma’lumotlarini jamlaydigan Turar-joy tizimi bosqichma-bosqich ishga tushiriladi.