YouTube bosh direktori Nil Moxan platformaning rasmiy blogida 2026 yil uchun asosiy ustuvor yo‘nalishlarni belgilab berdi.
Videoxosting uchun eng katta chaqiriq sun’iy intellekt yordamida yaratilgan past sifatli kontentga qarshi kurash bo‘ladi.
Bunday kontent sanoatda allaqachon “AI slop” (sun'iy intellekt chiqindisi) deb atalmoqda.
Mohan sun’iy intellekt texnologiyalarining jadal rivojlanishi ko‘pincha spam, klikbeyt yoki shunchaki takrorlanuvchi va kam mazmunli materiallar bo‘lgan kontent to‘lqinini keltirib chiqarganini tan oldi.
Bunga qarshi turish uchun YouTube avtomatik tekshirish va moderatsiya tizimlarini faol rivojlantirish va takomillashtirish niyatida.
“Sun'iy intellektning rivojlanishi AI Slop deb ham ataladigan past sifatli kontent haqida xavotir uyg‘otdi… Biz spam va klikbeyt bilan juda muvaffaqiyatli kurashadigan, shuningdek, past sifatli, takrorlanuvchi kontent tarqalishini kamaytiradigan sinovdan o‘tgan tizimlarimizni faol ravishda rivojlantirmoqdamiz”, — deb yozdi Mohan o‘z blogida.
Kompaniya YouTube’ning sun’iy intellekt mahsulotlari yordamida yaratilgan kontentni maxsus belgilaydi, shuningdek mualliflardan bunday kontentni ko‘rsatishni talab qiladi. Platforma, shuningdek, o‘z qoidalarini buzadigan sun’iy intellekt kontentini o‘chirib tashlaydi.
Kapwing kompaniyasi o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, YouTube yangi foydalanuvchilarga taklif etayotgan videolarning 20%dan ortig‘i “sun'iy intellekt axlati” (AI-slop) ekan.
Bu atama neyron tarmoqlar tomonidan ko‘rishlar sonini oshirish maqsadida yaratilgan sifatsiz kontentni anglatadi.
Kapwing kompaniyasi YouTube’dagi dunyoning eng mashhur 15 mingta kanalini — har bir mamlakatdagi eng yuqori 100 talikni tadqiq qildi va ularning 278 tasida faqat sun’iy intellekt yordamida yaratilgan kontent mavjudligini aniqladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, sun’iy intellekt yordamida yaratilgan ushbu kanallar jami 63 mlrddan ortiq ko‘rishga va 221 mln obunachiga erishib, yiliga taxminan $117 mln daromad keltirmoqda.
Avvalroq sun’iy intellekt eng ko‘p ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan kasblar ro‘yxati e’lon qilingandi.
Qayd etilishicha, tarjimonlar, tarixchilar va yozuvchilar sun’iy intellektni qo‘llash imkoniyati eng yuqori bo‘lgan kasblar qatoriga kiradi.
