Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha 2026-yildagi asosiy vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tumanlarda o‘tkazilgan o‘rganishlar infratuzilma, turmush darajasi, biznes faollik, moliyaviy imkoniyatlar kabi 20 ta mezon asosida 37 ta “og‘ir” tumanni aniqladi. Bundan tashqari, har bir tuman tahlil qilinib, kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan 903 ta “og‘ir” mahalla tanlab olindi.

Kambag‘al oilalarning uchdan bir qismi, ishsizlarning 21%i ham tanlab olingan 37 ta tuman va 903 ta mahallaga to‘g‘ri kelishi aniqlandi.

Yana 33 ta tuman va 330 ta “og‘ir” mahallaga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish ishlari boshlandi. “Asosiy kuchni ushbu 70 ta tuman va 1 mingta „og‘ir“ mahallaga yo‘naltirsak, respublikada kambag‘allik darajasini 3% dan pasaytirishga erishamiz”, — dedi davlat rahbari.

“Og‘ir” tuman va mahallalardagi aholi va tadbirkorlar soliq imtiyozidan ko‘ra, ko‘proq yo‘l, suv, elektr ta’minotini yaxshilab berishni so‘rayapti. Shundan kelib chiqib, joriy yilda infratuzilmani yaxshilash uchun viloyatlarga 20 trln so‘m ajratilishi, shundan 12 trln so‘mi “og‘ir” tuman va mahallalarga yo‘naltirilishi belgilandi.

Respublikadan mahalliy budjetga qaytadigan mablag‘ 2 karra ko‘paytirilib, hokimlarga 4,2 trn so‘m beriladi. Endilikda viloyat hokimlari “og‘ir” tumanga 10 mlrd so‘mdan, 903 ta mahallaning har biriga 1 mlrd so‘mdan ajratadi.

Bunga qo‘shimcha har bir “og‘ir” tumanga 50 mlrd so‘m, “og‘ir” mahallaga 2 mlrd so‘mdan mablag‘ yo‘naltiradi. Natijada tuman hokimlari va mahalliy kengashlar “og‘ir” tuman va mahallalar uchun qo‘shimcha yana 4 trln so‘m oladi.

“Hokimlar eshitib olsin: bu mablag‘lar infratuzilmani yaxshilash orqali kambag‘allik va ishsizlikni 2 karra qisqartirishga xizmat qilishi shart. Ushbu tuman hokimlari aholisiga murojaat qiladi. Qaysi mahallada nechta odamni ishli qilib, qancha oilani kambag‘allikdan chiqarishini mahallama-mahalla yurib tushuntiradi. Shuncha mablag‘ bergandan keyin tuman hokimi xalqning oldida mas’uliyat olib, javob bersin. Hokimlikning faoliyatiga xalqning o‘zi baho bersin”, — dedi davlat rahbari.

Endilikda hududlarni sanoat, qishloq xo‘jaligi va servisdagi “solishtirma ustunligi"dan kelib chiqib rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi. Davlat rahbari bu tizimni Furqat va Dehqonobod tumanlari misolida tushuntirib berdi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga 70 ta tuman va 1 mingta “og‘ir” mahallalarning “solishtirma ustunligini” tahlil qilib, ish o‘rni va daromadini ko‘paytirishga turtki beradigan infratuzilma loyihalari bo‘yicha alohida dastur qilish va moliyalashtirishni boshlash topshirildi.

Har bir tumanda 5−10 ta mahallani bog‘laydigan 1−2 gektarli sanoat zona va klasterlar tashkil qilinib, 100 ming nafar odam uchun ish o‘rinlari yaratilishi belgilandi.

Avvalroq 2025-yilda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 3,1 foiz punktga kamayib, 5,8% ni tashkil etgani haqida xabar berilgandi. Bir yilda 302 ming oila kambag‘allikdan chiqarildi.