Shavkat Mirziyoyev 23-yanvar kuni Olmazor tumani Xastimom mahallasi Zarqaynar ko‘chasida tashkil etilgan turizm va xizmat ko‘rsatish obyektlari faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shu yerda davlat rahbariga Olmazor innovatsion o‘sish hududini rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan master-reja taqdimot qilindi. Unda hududni fazoviy-hududiy rivojlantirish konsepsiyasi, ehtiyojlarni baholash natijalari hamda funksional zonalashtirish yechimlari ko‘rsatib o‘tildi.

Master-rejaga muvofiq, ta’lim-innovatsiya, turizm va savdo, madaniy meros, biznes hamda IT xizmatlarini qamrab olgan “rivojlanish koridorlari” shakllantiriladi.

Eski shahar atrofida Talabalar shaharchasi, universitet va texnoparklar sog‘liqni saqlash obyektlari, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi, Hazrati Imom majmuasi, Chorsu va tarixiy shahar markazini o‘z ichiga olgan turizm yo‘nalishlari o‘zaro bog‘lanadi.

Shu bilan birga, shimoliy markaziy ishbilarmonlik hududida ofislar, IT-park va biznes markazlarini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

Master-reja orqali tarixiy merosni saqlagan holda infratuzilmani rivojlantirish, hududning iqtisodiy salohiyati va shahar muhitini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish maqsad qilingan.

“Har bir ko‘cha uchun kamida besh yillik master reja ishlab chiqish zarur. Kecha Shveysariyaning Davos shahrida binolar saqlangan holda, shahar muhiti sharoitga mos ravishda rivojlantirilayotganini ko‘rdim. Biz ham eski shaharni asrab-avaylashimiz, yanada rivojlantirishimiz shart. Shu maqsadda alohida „Eski shahar“ dasturini ishlab chiqish zarur”, — dedi davlat rahbari.

Avvalroq sanoat korxonalarini poytaxtdan tashqariga ko‘chirish boshlangani haqida xabar berilgandi. Jarayon doirasida Toshkentdagi 87 ta korxona modernizatsiya sharti bilan ko‘chiriladi, O‘zikkilamchiranglimetall esa Jizzax viloyatiga ko‘chirilishi belgilandi.