O‘lchovli oltin quymalar narxi 23-yanvar, juma kuni 2026-yil boshidan buyon oltinchi bor tarixiy maksimumini yangiladi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.
Bir gramm oltin bir kunda 0,78% ga qimmatlashib, hozirda 1 958 540 so‘mni tashkil etmoqda. Og‘irligi 5 gramm bo‘lgan quyma narxi 9,793 mln so‘mga baholanmoqda — bir kun oldingi narxga nisbatan 76 ming so‘mga qimmatroq.
12-yanvar kuni 5 grammlik quyma narxi birinchi marta 9 mln so‘mlik psixologik chegaradan oshgandi. O‘zbekistonda qimmatbaho metall yanvar oyi boshidan buyon 13,1% ga qimmatlashdi, yillik o‘sish esa 65,5% ni tashkil etdi.
Quymalarning sotuv va qayta sotish narxlari batafsil quyidagi jadvalda keltirilgan:
| Og‘irligi | Sotish narxi | Qaytarib sotib olish narxi | |
| qadog‘i but holatda | qadog‘i buzilgan yoki texnik talablarga mos kelmaydigan holatda (texnik ekspertizadan so‘ng) | ||
| 5 gramm | 9 793 000 so‘m | 9 322 000 so‘m | 9 228 000 so‘m |
| 10 gramm | 19 585 000 so‘m | 18 644 000 so‘m | 18 455 000 so‘m |
| 20 gramm | 39 171 000 so‘m | 37 288 000 so‘m | 36 911 000 so‘m |
| 50 gramm | 97 927 000 so‘m | 93 219 000 so‘m | 92 277 000 so‘m |
| 100 gramm | 195 854 000 so‘m | 186 438 000 so‘m | 184 555 000 so‘m |
Jahon bozorida kichik korreksidan so‘ng oltin kotirovkalari yana yuqoriga ko‘tarildi. Spot savdolarida bir troya unsiya narxi tarixda ilk bor $4957 ga yetdi (bir gramm uchun $159,4 ga teng), kunlik eng yuqori cho‘qqida esa $4970 ga yaqinlashdi. Bundan tashqari, kumush narxi 6,4% ga oshib, bir troya unsiyasi uchun $98,7 ni tashkil etdi.
Qimmatbaho metallar narxining oshishi dollar kursining boshqa asosiy valyutalarga nisbatan 0,4% ga qadrsizlanishi fonida kuzatilmoqda. Narxlarning o‘sishini rag‘batlantiruvchi omillar qatoriga AQSH Federal zaxira tizimi tomonidan stavkalarning kutilayotgan pasayishi va saqlanib qolayotgan geosiyosiy keskinlik kiradi.
“Biz oltinning 2026-yil dekabr oyidagi narxi bo‘yicha prognozni bir troya unsiyasi uchun $5400 gacha oshirdik, chunki o‘sishning asosiy xavfi — oltin hisobiga xususiy investitsiyalarning diversifikatsiyalanishi — amalga oshishni boshladi”, — dedi Goldman Sachs banki tahlilchisi Dan Streyven.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, so‘nggi paytlarda yirik boylikka ega bo‘lgan oilalar tomonidan fizik oltin sotib olish faollashgan. Cheklangan yetkazib berish sharoitida xususiy va institutsional investorlar o‘rtasidagi raqobat 2025-yilda qimmatbaho metallar narxi 65% ga oshishining asosiy sabablaridan biri bo‘ldi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston 2025-yilda qancha oltin sotgani haqida yozgandi.
