Ilon Maskning fikricha, besh yildan so‘ng sun’iy intellekt butun insoniyatdan aqlliroq bo‘ladi. Bu haqda RIA Novosti nashri xabar berdi.

Grok neyron tarmog‘i yaratuvchisi, Neuralink va OpenAI hammuassisi 2031-yilga borib sun’iy intellekt butun insoniyatni ortda qoldirishini aytdi.

“O‘ylaymanki, joriy yil oxiriga kelib yoki eng kechi bilan keyingi yilda har qanday insondan aqlliroq bo‘lgan sun’iy intellekt paydo bo‘lishi mumkin. 2030−2031 yillarga borib, ya’ni taxminan besh yil ichida esa, sun’iy intellekt butun insoniyatning umumiy aqlidan ham ustun bo‘ladi”, — dedi Mask.

O‘tgan yillarda Mask nazoratsiz sun’iy intellekt insoniyat uchun tahdid bo‘lishi mumkinligini bir necha bor ta’kidlagan edi.

Shuningdek, u sun’iy intellekt rivojlanishi xavfsiz va insonlar nazorati ostida qolishi uchun tartibga solish va axloqiy me’yorlarni yaratish zarurligini qat’iy aytgandi.

O‘tgan yil oktabrida Ilon Mask sun’iy intellekt sabab yaqinda odamlarning ishlashiga hojat qolmasligi haqida gapirgandi.

Tesla kompaniyasi asoschisining aytishicha, yaqin kelajakda SI va robotlar barcha ish o‘rinlarini egallaydi.

Maskning ta’kidlashicha, “kelajakda ish qilish, xuddi sabzavotlarni do‘kondan sotib olish o‘rniga o‘zingiz yetishtirish kabi, majburiy bo‘lmay qoladi”.


Avvalroq sun’iy intellekt eng ko‘p ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan kasblar ro‘yxati e’lon qilingandi.

Qayd etilishicha, tarjimonlar, tarixchilar va yozuvchilar sun’iy intellektni qo‘llash imkoniyati eng yuqori bo‘lgan kasblar qatoriga kiradi.