Quvonchbek Otabekov 2003-yilda Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz shahrida tug‘ilgan. U boshlang‘ich ta’limni Shahrisabzdagi 13-sonli maktabda olgan, keyinchalik Toshkent shahridagi 81-sonli maktabni oltin medal bilan tamomlagan. 2024-yilda Toshkent davlat yuridik universitetining xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakultetini muvaffaqiyatli bitirgan. Hozirda Germaniyaning Regensburg universitetida nemis va qiyosiy huquqshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha magistratura bosqichida tahsil olmoqda.
U Spot’ga nima uchun aynan Germaniyani tanlagani, DAAD grantini yutish sirlari, nemis universitetlaridagi akademik erkinlik hamda talabalarga yaratilgan imkoniyatlar haqida so‘zlab berdi.
Nega aynan Germaniya?
Bakalavr davrimda chet elda tahsil olish niyatim bor edi, biroq qaysi davlatni tanlash masalasida aniq qarorga kelmagandim. Asosiy e’tiborimni to‘liq stipendiya taqdim etadigan va keng imkoniyatlar yaratadigan mamlakatlarga qaratganman.
Dastlab magistratura bosqichini Yaponiyada davom ettirishni rejalashtirgandim. Sababi, universitetimizdagi yapon huquqini tadqiq qilish markazida ikki yil tahsil olib, yapon tilini o‘rganganman.
Shu bilimlarim sabab uchinchi kurs oxirida Yaponiya hukumatining to‘liq moliyalashtiriladigan qisqa muddatli “Mirai” dasturi doirasida u yerda bo‘lib qaytdim. Biroq keyinchalik Yaponiyada magistratura o‘qish rejam amalga oshmay maqsadlarim ham biroz o‘zgardi.
“Mirai” dasturida tushilgan rasm. Foto: Quvonchbek Otabekovning shaxsiy arxividan
Ikkinchi kursligimda Qudratxo‘ja Musayevning blogiga duch kelib, uni kuzatishni boshlaganman. Uchinchi kursning oxiri, yoz oylarida u kishining DAAD stipendiyasi bo‘yicha mentorlik kurslarini ko‘rib qoldim.
Bu grant haqida izlanib, u nafaqat Germaniyaga ketishda imtiyozli yo‘l, balki yaxshi moliyaviy yordam berishini ham angladim. Bu aynan men qidirayotgan imkoniyat edi. Hujjat topshirish jarayoni murakkab kechgan bo‘lsa-da, tajribali insonlar ko‘magi bilan maqsadimga erishdim.
Huquq sohasini Germaniyada davom ettirishimning asosiy sababi nemis va o‘zbek huquq tizimlarining bir-biriga juda o‘xshashligidir. Ammo nemis tilini bilish majburiyati borligi sababli, bu yo‘nalish o‘zbekistonlik talabalar orasida unchalik ommalashmagan. O‘sha vaqtda nemis tilini bilmaganim uchun faqat ingliz tilida o‘qitiladigan dasturlarni tanlashga majbur bo‘lgandim.
Germaniya ta’lim tizimi
Germaniyada ta’lim jarayoni ECTS kreditlari asosida tashkil etilgan. O‘zbekistonda 4 yillik (240 ECTS) bakalavr diplomiga ega bo‘lganim sababli, Germaniyada bir yillik intensiv magistratura dasturini tanlash imkoniyatiga ega bo‘ldim.
Shunday qilib, Germaniyaning Regensburg universitetida nemis va qiyosiy huquqshunoslik yo‘nalishini tanladim. Bu yo‘nalish 2024-yilda ochilgan bo‘lib, darslar ingliz tilida olib boriladi. Huquq sohasida magistratura odatda bir yil davom etadi, biroq amaliyot o‘tash va dissertatsiya yozish jarayonlari sababli mening o‘qishim biroz uzayib, hozirda uchinchi semestrdamiz.
Universitet tanlashda men uchun reytingdan ko‘ra ta’limning bepul bo‘lishi hamda Myunxen kabi yirik iqtisodiy markazlarga yaqinligi muhim omil bo‘ldi. Chunki bunday hududlarda o‘z soham bo‘yicha ish yoki amaliyot topish imkoniyati ancha yuqori.
Odatda magistratura bosqichi 120 kreditdan iborat bo‘lib, ikki yil davom etadi. Mening yo‘nalishim esa 60 kreditlik, bir yillik dastur hisoblanadi.
Bu mamlakatdagi universitet darslari O‘zbekistondagi ta’lim tizimidan sezilarli darajada farq qiladi. Darslar faqat ma’ruza shaklida emas, balki jonli muloqot va qizg‘in muhokama tarzida o‘tadi. Har bir mashg‘ulotdan avval professorlar GRIPS deb nomlangan maxsus platforma orqali zarur materiallarni yuboradi. Biz ularni oldindan o‘qib chiqamiz, dars jarayonida esa professor mavzuni tushuntirish bilan birga, bizdan shaxsiy fikr va dalillarni taqdim etishimizni so‘raydi.
Bundan tashqari, bu yerda “Weekly hours” tushunchasi ham mavjud. Talaba o‘zi tanlagan fanlar orqali belgilangan miqdordagi haftalik soatlarni to‘plashi shart. Ba’zi kurslar atigi ikki oy davom etsa-da, darslar juda zich o‘tilgani sababli ko‘proq haftalik soat hisobiga kiradi.
Darslardagi talabalar soni ham fan turiga qarab farqlanadi: majburiy fanlarda odatda 10−15 kishilik kichik guruh shakllanadi, tanlov fanlarida esa 50 nafargacha talaba qatnashishi mumkin.
DAAD granti haqida
DAAD — shunchaki grant emas, balki butun dunyo talabalari uchun 130 dan ortiq yo‘nalishlarni taklif etuvchi yirik stipendiya dasturidir. Men o‘z mutaxassisligim bo‘yicha barcha yo‘nalishlar uchun magistratura dasturi doirasida ushbu grant g‘olibi bo‘ldim.
Universitet va o‘quv dasturini tanlash eng ko‘p vaqt va diqqat talab qiladigan bosqich hisoblanadi: men bunga 1,5 oy vaqt sarflaganman. Nomzodlar “daad international programs” portali orqali o‘zlariga mos ingliz yoki nemis tilidagi dasturlarni qidirishlari mumkin.
Muhimi, DAADga hujjat topshirish jarayonida universitetdan qabul xati olish shart emas — faqat o‘qimoqchi bo‘lgan oliygohlarni ro‘yxatda ko‘rsatish kifoya.
Barcha hujjatlar DAAD portaliga onlayn shaklda yuklanadi. Arizalar qabulining yakuniy muddati odatda 31-oktabr sanasiga to‘g‘ri keladi (ba'zi dasturlarda muddat farq qilishi mumkin).
Foto: Shaxsiy arxiv
Asosiy hujjatlar ro‘yxati:
- CV (rezyume): yutuqlar va tajribalar tizimli bayon etilgan hujjat.
- Motivatsion xat: nega aynan Germaniya tanlangani va bu ta’lim kelajakdagi maqsadlaringizga qanday xizmat qilishi haqida yozilgan insho.
- Diplom va transkript: oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatlar nusxasi.
- Til sertifikati: IELTS yoki dastur talabiga mos xalqaro sertifikat.
- Universitetga kirishga asos bo‘lgan hujjat nusxasi.
- Tanlangan universitet va dasturlar ko‘rsatilgan jadval.
- 1 ta akademik tavsiyanoma xati.
Hujjatlari muvaffaqiyatli saralangan nomzodlar fevral oyida ikkinchi bosqich — yuzma-yuz suhbatga taklif etiladi. Suhbat Toshkent shahridagi GIZ binosida bo‘lib o‘tadi va unda Germaniyadan tashrif buyurgan 3−6 nafar professorlardan iborat komissiya a’zolari ishtirok etadi. Jarayon odatda 20−30 daqiqa davom etib, savollarning asosiy qismi nomzodning mutaxassislik bo‘yicha bilimlarini baholashga, qolgan qismi esa uning umumiy dunyoqarashi hamda kelajakdagi maqsadlarini aniqlashga qaratiladi.
Yakuniy natijalar mart oyining oxirida e’lon qilinadi. G‘olib bo‘lgan talabalarga DAAD tomonidan Germaniyada yashash, tibbiy sug‘urta, xalqaro aviachiptalar va o‘quv xarajatlarini to‘liq qoplovchi oylik stipendiya taqdim etiladi.
Viza olish jarayoni
Germaniya vizasini olish ko‘pchilikka uzoq navbatlar va murakkab bosqichlardan iboratdek tuyulishi mumkin. Biroq DAAD stipendiyasini qo‘lga kiritganingizda bu jarayon sezilarli darajada soddalashtiriladi.
Birinchidan, DAAD talabasi sifatida konsullik to‘lovi to‘lanmaydi ya’ni viza mutlaqo bepul taqdim etiladi.
Ikkinchidan, hujjatlar TLScontact orqali emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri Germaniya elchixonasiga topshiriladi. Elchixona stipendiatlar uchun alohida, imtiyozli qabul vaqti belgilab beradi. Masalan, men may oyining oxirlarida murojaat qilganimda, 13-iyun sanasiga — ikki haftadan keyin qabulga chaqirishdi.
Foto: Shaxsiy arxiv
Suhbat jarayonidan xavotirlanishga hojat yo‘q. Grant Germaniya hukumati tomonidan ajratilgani sababli, elchixona xodimlari nomzodning bilim darajasi yoki moliyaviy holatiga shubha qilmaydi. Muloqot davomida faqat tanlangan universitet, o‘qish muddati va kelajakdagi maqsadlar haqida qisqacha savollar berildi. O‘qishni tugatgach, vatanga qaytish masalasi ham ortiqcha so‘roq qilinmadi, chunki stipendiya shartlari mutaxassis sifatida qaytishni o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, bu jarayonda universitetga qabul qilinganlik xati ham talab etiladi — menda bu hujjat hali tayyor emasdi.
Shu o‘rinda DAAD dasturining yana bir afzalligi yordam berdi: asosiy o‘qishdan oldin nemis tilini yetarli darajada bilmaydigan g‘oliblarga ikki oylik bepul nemis tili kursi taqdim etiladi. Qo‘limda ushbu kursdan taklifnoma mavjud bo‘lgani uchun elchixona hujjatlarimni qabul qildi.
Elchixona xodimlari juda xushmuomala bo‘lib, universitet qabul xatini elektron shaklda emas, balki keyinchalik qog‘ozga chiqarilgan holda taqdim etishimni so‘rashdi. Hatto pasportimni ham olib qolishmadi, bu esa meni biroz hayratga soldi.
Natijada, bir oydan so‘ng — taxminan 20-iyul sanasida vizam tayyor bo‘ldi.
Moslashish davri
Haqiqiy sarguzashtlar aeroportga bir yillik yuklarim bilan qo‘nganimda boshlandi. Dyusseldorf aeroportidan shaharga yetib olish, taksi chaqirish o‘rniga metro va tramvaylar orasidan yo‘l topish oson kechmadi.
Og‘ir chamadonlarim bilan yomg‘ir ostida qolganimda esa nemis xalqining yordamsevarligiga bevosita guvoh bo‘ldim: ikki nafar yo‘lovchi yuklarimni metrogacha tushirishda yordam berishdi.
Foto: Shaxsiy arxiv
Manzilga yetib kelganimda soat kechki to‘qqiz bo‘lib, koordinator ketishga tayyorlanayotgandi. Agar bir necha daqiqa kechikkanimda, o‘sha tunni mehmonxonada o‘tkazishimga to‘g‘ri kelardi. Bundan tashqari, vaqt farqi va iqlimga moslashish ham o‘ziga xos bo‘ldi. Ayniqsa, yozda quyoshning soat 22:00 dan keyin botishi uyqu tartibimga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.
Bu yerga kelishimdan avval nemis tilini deyarli bilmasdim — atigi 15−20 kun davomida eng asosiy iboralarni o‘rgangan edim, xolos. DAAD dasturi doirasida o‘qish boshlanishidan oldin Dyusseldorfda ikki oylik til kursi tashkil etildi. Shu kursda noldan A1 darajasigacha yetdim, keyinchalik universitetda A2 darajasini yopdim. Hozir esa B1 sertifikatini olishni rejalashtirganman.
Germaniyaning ko‘plab shaharlarida bo‘lgani kabi, Regensburgda ham talabalar uchun eng katta muammo — turar joy topish. Universitet yotoqxonasida bo‘sh joy bo‘lmagani sababli, bir hafta mehmonxonada yashashga to‘g‘ri keldi. Keyin esa o‘zbekistonlik do‘stim bilan shahar chekkasidan ijara uy topdik. Regensburg kichik bo‘lishiga qaramay, tabiati nihoyatda go‘zal va yashash uchun juda qulay shahar.
Germaniyada meni hayron qoldirgan narsalar
Germaniyada men uchun eng katta “culture shock” — yakshanba kuni barcha do‘konlarning yopiq bo‘lishi bo‘ldi. Bu tartibni oldindan bilmaganim sababli, dam olish kuni tashqarida ovqatlanishni rejalashtirib, biroz qiyinchilikka duch kelganman.
Kundalik hayotda til bilmaslik ham gohida qiziqarli, gohida esa xijolatli vaziyatlarni keltirib chiqaradi. Dastlab faqat “Mit karte” (karta orqali) va “Danke schön” (katta rahmat) iboralaridan foydalanib yurardim. Bir safar do‘konda kassir mendan qayta-qayta “Tüte?” deb so‘raganida tushunmay qarab turganman: oxiri u ingliz tilida “paket beraymi?”, deb tushuntirdi. Shunda navbatda turganlarni kuttirib qo‘yganimdan biroz xijolat bo‘lganman.
O‘quv jarayonida esa meni hayratlantirgan jihatlardan biri — guruhimizdagi talabalar soni bo‘ldi. Dasturimiz yangi ochilgani uchun bor-yo‘g‘i 7−8 kishi tahsil oladi. Avvaliga bu juda kamdek tuyulgandi, biroq vaqt o‘tib tushundimki bu professorlar bilan yaqin muloqot qilish imkonini berarkan.
Foto: Shaxsiy arxiv
Dars yakunida nemis talabalarining bir odati meni hayron qoldirdi: o‘qituvchi ma’ruzani tugatganida hech kim rahmat demaydi yoki qarsak chalmaydi, aksincha, hamma birdek partani mushti bilan urib qo‘yadi. Keyin bilsam, bu Germaniya akademik muhitida minnatdorchilik bildirishning o‘ziga xos usuli ekan.
Bu yerda yashab, vaqtning naqadar qimmatli resurs ekanini angladim.
Rejalashtirish — nemislar hayotining ajralmas qismi. Hattoki biror ishni bir yil oldin ham rejalashtirishadi. Uyga mehmonga bormoqchi bo‘lsangiz, 20 kun yoki bir oy avval ogohlantirib qo‘yish odatiy hol.
Shuningdek, uchrashuv belgilash madaniyati juda kuchli: nemislar doimo belgilangan vaqtdan bir necha daqiqa oldin borishni ma’qul ko‘rishadi.
Yana bir muhim jihat, chiqindilarni alohida ajratish odati. Yangi kvartiraga ko‘chib o‘tganimizda qo‘shnilarimizdan bu borada anchagina “dars” oldik. Birinchi marta chiqindini ajratmaganimizda, qo‘shnimiz xat yozib, o‘zi ajratib qo‘yganini tushuntirdi.
Keyinchalik internetdan o‘rganib ajratsak ham, yana yangi eslatma oldik: “Sut idishini qog‘ozga tashlamang, unda plastik qismlar bor”. Nemislar tartib-qoidalar yuzasidan eslatma yozib qoldirishni yaxshi ko‘rishadi. Eshikni yopib yurish yoki keraksiz chiroqni o‘chirish bo‘yicha ham shunday xatlar olib turardik. Bu boshida biroz g‘alati tuyulsa-da, vaqt o‘tib bizni tejamkorlik va qat’iy tartibga o‘rgatdi.
Germaniyada yashash xarajatlari
Talabaning xarajatlari ko‘p jihatdan u yashaydigan shaharga bog‘liq. Megapolislar va kichik shaharlarda uy-joy narxlari keskin farq qiladi:
- Universitet yotoqxonalari: oyiga $234−$467. Odatda xona shaxsiy, oshxona va yuvinish xonasi umumiy bo‘ladi.
- Kvartira ijarasi: agar yotoqxonada joy bo‘lmasa, kvartira ijaraga olinadi. Masalan, Regensburg yaqinidagi qishloqda bir xonali kvartira $748 ga ijaraga olingan.
- Narxlar farqi: Myunxenda bir xonali uy $818−$1 169 dan boshlanadi, kichik shaharlarda esa $350−$701 atrofida.
Ijara shartnomasida ikki tushunchaga e’tibor berish lozim:
- Kaltmiete — faqat uyning sof ijara haqi.
- Warmmiete — ijara haqiga isitish tizimi va suv kabi kommunal xizmatlar ham kiritilgan.
Shuningdek, har bir xonadon uchun majburiy radio va TV to‘lovi — rundfunkbeitrag mavjud. Uy qidirishda WG-Gesucht, ImmoWelt yoki Kleinanzeigen kabi ilovalar eng samarali manba hisoblanadi.
Foto: Shaxsiy arxiv
Oziq-ovqat xarajatlari. Eng tejamkor yo‘l — uyda ovqat tayyorlash:
- bir oyda o‘rtacha $234−$350 sarflanadi;
- universitet oshxonalarida esa talabalar $5−$6 evaziga sifatli taomlanishlari mumkin.
Transport tizimi va imtiyozlar. Germaniyada transport tizimi mukammal bog‘langan: avtobus, tramvay, metro va mintaqaviy poyezdlar bir-birini to‘ldiradi. Ko‘plab universitetlarda semestr to‘lovi ichiga transport chiptasi ham kiritiladi. Talaba kartasi butun semestr davomida Deutschland-Ticket o‘rnida amal qilib, mamlakat bo‘ylab cheksiz harakatlanish imkonini beradi.
Biroq, Bavariyaning Regensburg, Myunxen yoki Kempten kabi shaharlarida tizim biroz boshqacha: u yerda semestr to‘lovi tarkibida umummilliy chipta mavjud emas, shuning uchun talaba kartasi faqat mahalliy hududda yoki yaqin qishloqlarda amal qiladi. Bunday holatda talabalar butun Germaniya bo‘ylab yurish imkonini beruvchi Deutschland-Ticketni talaba tarifi asosida alohida sotib olishlari kerak bo‘ladi:
- Oddiy aholi uchun chipta $73;
- Regensburgda talabalar uchun $24.
- Passauda esa $35.
Germaniyada maoshlar O‘zbekistonga nisbatan yuqori ko‘rinsa-da, soliq tizimi qat’iy. Ular o‘rtacha:
- Boshlang‘ich darajadagi ishlar: yiliga taxminan $35 068.
- Tajribali mutaxassislar (huquqshunos, shifokor, IT mutaxassisi, moliyachi, iqtisodchi, muhandis): $87 ming−$116 ming maosh olishadi.
Biroq shuni yodda tutish kerakki, aytib o‘tilgan barcha summalar soliqlar chegirilmagan miqdor. Germaniyada qo‘lga tegadigan sof maosh insonning oilaviy holati va farzandlari soniga qarab farq qiladi. Masalan, bo‘ydoq insonlar eng yuqori stavkada soliq to‘laydi va ularning qo‘liga jami summaning taxminan 60−65%i tegadi.
Oilali va farzandli insonlar uchun esa davlat tomonidan sezilarli soliq imtiyozlari berilib, ularning ixtiyorida ko‘proq mablag‘ qoladi. Shunga qaramay, daromadning salmoqli qismi baribir ijara haqi, oziq-ovqat va majburiy sug‘urtalar kabi asosiy ehtiyojlarga sarflanishini hisobga olish lozim.
Talabalarning ishlashiga ruxsat beriladimi?
Germaniyada xalqaro talabalar uchun ishlash tartibi qonun bilan aniq belgilangan. Talabalar yiliga 140 ta to‘liq kun yoki 280 ta yarim kun ishlash huquqiga ega.
Amaliyotda bu o‘qish davrida haftasiga o‘rtacha 20 soat, ta’til paytida esa 40 soatgacha ishlash imkonini beradi. Bunday grafik bilan talaba oyiga o‘rtacha $1168−$1400 daromad topishi mumkin.
Talabalar odatda to‘rtta yo‘nalishda ishlashadi:
- Oddiy ishlar — kafe, do‘kon yoki omborlarda yordamchi vazifalar.
- Soha bo‘yicha ish — yirik kompaniyalarda mutaxassislikka oid tajriba orttirish. Masalan, men Allianz Technology kompaniyasining Myunxen ofisida Global Muvofiqlik (Compliance) bo‘limida ishlayapman.
- Amaliyot — 3−6 oy davom etadigan professional tajriba.
- Ilmiy yordamchi (HiWi) — universitet yoki ilmiy institutlarda professorlar bilan ishlash.
Talabalar uchun soliqlar juda past yoki deyarli yo‘q, shuning uchun kompaniyalar ularni ishga olishni ma’qul ko‘rishadi.
Talabalarga yaratilgan imkoniyatlar
Germaniyada talabalar uchun universitet ichida keng imkoniyatlar mavjud bo‘lib, ular nafaqat ta’lim, balki shaxsiy va professional rivojlanishga ham xizmat qiladi.
Xalqaro almashinuv dasturlari. Universitetlar Erasmus+ dasturi orqali talabalarga bir semestrni Yevropaning boshqa davlatlarida — Portugaliya, Ispaniya yoki Fransiyada o‘tkazish imkonini beradi. Bir yillik magistratura dasturlarida vaqt zichligi sababli bu biroz murakkab bo‘lsa-da, ikki yillik yo‘nalish talabalari uchun bu eng yaxshi tajriba hisoblanadi. Almashinuvlar ko‘pincha maxsus grantlar bilan moliyalashtiriladi. Ayrim murakkab fanlarni o‘zlashtirish uchun esa C1 darajadagi til sertifikati talab qilinishi mumkin.
Raqamli imkoniyatlar. Talaba bo‘lishning eng katta afzalliklaridan biri — universitet elektron pochtasi orqali ochiladigan bepul xizmatlardir. “Institutional Access” tizimi yordamida dunyodagi eng nufuzli ilmiy bazalar va xalqaro nashriyotlarning pullik platformalaridan mutlaqo bepul foydalanish mumkin. O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari mana shu jihatga e’tibor qaratishlarini juda ham xohlardim. Chunki bu talaba ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan hamda universitetni jozibali joy sifatida ko‘rsatadigan qismlardan biri. Masalan, diplom ishi yoki ilmiy maqolalar ustida ishlash jarayonida asl narxi $116 − $350 bo‘lgan akademik adabiyotlarni talabalik pochtasi orqali bepul yuklab olish mumkin. Bu nafaqat sifatli manbalarga bo‘lgan ehtiyojni qondiradi, balki katta mablag‘ni tejashga ham yordam beradi.
Foto: Shaxsiy arxiv
Networking va amaliyot. Germaniyada ta’lim faqat nazariya bilan cheklanmaydi. Talabalar nufuzli ekspertlar bilan bevosita muloqot qilish va global professional hamjamiyatga kirish imkoniyatiga ega. Masalan, 2024-yil noyabr oyida Vena shahrida o‘tkazilgan investitsiya va arbitraj bo‘yicha xalqaro workshopda, shuningdek yaqinda Parijda tashkil etilgan “Uzbek lawday” tadbirida ishtirok etish soha mutaxassislari bilan tajriba almashish imkonini berdi.
Sport va tibbiyot. Universitet sport majmualarida basseyn, yoga va kayak kabi turli sport turlari bilan shug‘ullanish mumkin. Regensburg universiteti klinikasi esa eng zamonaviy texnologiyalar markazi bo‘lib, tibbiyot talabalari uchun asosiy amaliyot maydoni hisoblanadi. Shuningdek, stomatologiya yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar nazorati ostida tishlarni davolatish ancha arzon yoki hatto bepul bo‘lishi mumkin.
Germaniyaga keluvchilar uchun tavsiyalar
Germaniya ta’lim tizimi o‘ziga xos va qat’iy tartiblarga asoslangan. Shuning uchun chet elga o‘qishga borishni rejalashtirayotganlar avvalo qaysi yo‘nalishda: bakalavr, magistraturada tahsil olishlarini va qanday til darajasi talab qilinishini puxta o‘rganishlari zarur. Har bir hujjat va vizaning o‘z tartibi mavjud. Agar to‘liq ma’lumotga ega bo‘lmasangiz, mutaxassis yoki mentorlar bilan maslahatlashish foydali bo‘ladi.
Chet elga chiqish bilan hayot darhol mukammal bo‘lib ketadi, degan fikr noto‘g‘ri. Kutilmalarni juda baland qo‘ymaslik ruhiy tushkunlikdan asraydi. Eng muhimi — o‘z qadriyatlaringizni aniq belgilab olish. Bu sizni begona muhitda ham o‘zligingizni saqlashga yordam beradi.

Foto: Shaxsiy arxiv
Ishlamoqchi bo‘lganlar uchun nemis tili eng asosiy vosita hisoblanadi. Sohangizni qanchalik yaxshi bilishingizdan qat’i nazar, jamoa bilan muloqot qila olmasangiz, natija bo‘lmaydi. Nemislar aniqlik, vaqtga rioya qilish va samimiy muloqotni qadrlashadi. Agar xato qilsangiz, uzr so‘rashdan tortinmang.
Germaniyani juda katta boylik to‘planadigan joy sifatida tasavvur qilish ham xato. Bu mamlakat munosib turmush darajasi, sifatli ta’lim va kuchli tajriba maydoni. Shu bilan birga, sog‘liqni asrashga alohida e’tibor qaratish lozim. Mustaqil hayotda jismoniy va psixologik chidamlilik birinchi o‘ringa chiqadi.







