Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi Markaziy Osiyoda elektr energiyasi bozorini rivojlantirish va energiya tizimlari integratsiyasi (REMIT) dasturini tasdiqladi.

Uni amalga oshirish 10 yil davom etadi. U uch bosqichga bo‘lingan bo‘lib, ularning asosiy maqsadi mintaqa energetika sohasida hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.

Dastur Markaziy Osiyoda birinchi mintaqaviy elektr energiyasi bozorini yaratish, savdoni rivojlantirish, elektr uzatish tizimlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini kengaytirish va qayta tiklanadigan energiya manbalarining mintaqa mamlakatlari energiya tizimlariga keng ko‘lamli integratsiyasi uchun asos yaratishga qaratilgan.

REMIT dasturining birinchi bosqichida Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlariga $143,2 mln qiymatidagi grant va imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Mablag‘larning $140 mlni Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (XTA) resurslaridan va $3,2 mlni Markaziy Osiyo suv va energetika dasturi (CAWEP) grantlari ko‘rinishida ajratiladi.

Keyingi o‘n yil ichida REMIT dasturi elektr energiyasi savdosi hajmini yiliga kamida 15 000 GVt/soatgacha oshirishga yordam beradi — bu butun Markaziy Osiyo bo‘ylab millionlab odamlarning yillik ehtiyojlarini qondirish uchun yetarli bo‘ladi.

Shuningdek, u elektr uzatish liniyalarining o‘tkazuvchanlik quvvatini 16 GVt gacha uch baravardan ko‘proqqa oshirishga, shuningdek, mintaqa mamlakatlarining energiya tizimlariga 9 GVt gacha toza energiya quvvatlarini integratsiya qilishga yordam beradi.

Mintaqaviy energetika integratsiyasini mustahkamlash yanada muvozanatli va barqaror energiya tizimini yaratish, elektr ta’minotidagi uzilishlarni kamaytirish, uy xo‘jaliklari va biznes uchun energiya narxini pasaytirish imkonini beradi.


Avvalroq Spot Jahon banki O‘zbekistonda 16 ta shahar va tumanda infratuzilmani yaxshilash uchun $250 mln ajratishi haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, hududlardagi hokimiyatlar loyihalarni rejalashtirish va amalga oshirishdagi samaradorligiga qarab mablag‘ oladi.