WhatsApp messenjerida bolalar uchun qo‘shimcha himoyaga ega akkauntlar yaratish imkonini beruvchi yangi funksiya sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu yangilik haqida WaBetaInfo mutaxassislari xabar berdi.
Bundan buyon ota-onalar o‘z telefon raqamlariga biriktirilgan qo‘shimcha akkauntlar yaratishlari mumkin bo‘ladi. Ushbu akkauntni maxsus QR-kod orqali ulashish kerak, shunda bola unga kira oladi.
Biroq bolalar hisoblarida ko‘plab quyidagi cheklovlar mavjud:
- notanish foydalanuvchiga yozib bo‘lmaydi;
- kontaktlar ro‘yxatidan tashqaridagi odamlar bolaga yoza olmaydi;
- kanallarga, guruh chatlariga kattalar tasdiqisiz qo‘shilmaslik;
- “Yopiq chatlar” yaratilmaydi;
- botlardan foydalanish imkonsiz;
- begonalar bilan audio va video qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish mumkin emas;
- har doim boshidan oxirigacha shifrlash yoqilgan.
Farzand yangi kontakt qo‘shsa, ota-ona xabardor qilinadi. Agar bola maxfiylik sozlamalarini o‘zgartirmoqchi bo‘lsa, u ota-onasidan so‘rashi kerak bo‘ladi. Ota-onada 6 raqamli pin-kod bo‘lib, u orqali sozlamalarga kirish imkoniyati ochiladi.
Umumiy qabul qilingan standartga ko‘ra, WhatsApp’dan 13 yoshdan kattalar foydalanishi mumkin. Hozirda o‘smirlar o‘z telefon raqamlariga biriktirilgan messenjer akkauntlarini mustaqil ravishda yaratishlari mumkin.
Yangi funksiya joriy etilgandan so‘ng, WhatsApp foydalanuvchi 13 yoshdan katta va 18 yoshdan kichik bo‘lsa, unga bolalar akkauntlarini yaratish majburiyatini yuklashi kutilmoqda.
Farzand hisobi ota-ona boshqacha qaror qabul qilmaguncha yoki foydalanuvchi ruxsat etilgan yoshga yetmaguncha mavjud bo‘ladi.
Foydalanuvchi 18 yoshga to‘lganda, WhatsApp xizmat shartlariga muvofiq, farzand hisobi ota-ona hisobidan uzilishi mumkin va foydalanuvchi WhatsApp’ning barcha funksiyalaridan foydalana oladi.
Hozircha WhatsApp’dagi bolalar akkauntlarining funksiyasi beta-sinov bosqichida turibdi. U 2026-yil davomida chiqarilishi kutilmoqda.
Avvalroq Spot WhatsApp Rossiyada 2026-yilda to‘liq bloklanishi mumkinligi haqida yozgandi.
Davlat dumasi deputati Andrey Svinsovning qayd etishicha, Roskomnadzor joriy yil oxirigacha mamlakatda xizmat faoliyatini uzil-kesil cheklaydi.

