Avvalroq prezident raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta‘minlash bo‘yicha 2026-yildagi asosiy vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgani haqida xabar berilgandi.
Davlat rahbari hokim yordamchilari tashabbuskorlarni topib, mahallada mikro va kichik loyihalarni amalga oshirishni ancha o‘rgangani, tajriba orttirganini taʼkidladi.
“Endi ular o‘zi mas‘ul bo‘lgan mahalladagi ishini „loyihaviy yondashuv“ asosida tashkil qilishga o‘tadi”, — dedi prezident.
Hokim yordamchilarini “loyihaviy yondashuv” asosida ishlashga o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yilib, buni “og‘ir” mahallalardan boshlash topshirildi. Har bir tuman kesimida “loyihaviy yondashuv” asosida amalga oshiriladigan loyihalar portfeli shakllantiriladi.
“Og‘ir” mahallalardagi bo‘sh yerlar va davlat obyektlarining boshlang‘ich narxini 2−3 karra pasaytirib, sotuvga chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Ish o‘rni va daromadni ko‘paytirish bo‘yicha eng yaxshi natija ko‘rsatgan 100 ta “og‘ir” mahallaga 1 mlrd so‘mdan mablag‘ beriladi. Ushbu mahallalardagi hokim yordamchilari Xitoy, Turkiya, Koreya, Malayziya kabi davlatlarga bir oylik malaka oshirish kurslariga yuboriladi.
“Mahalla yettiligi” samarasini oshirish bo‘yicha poytaxtda yo‘lga qo‘yilgan tajriba endi barcha tuman va shaharlarda ham tatbiq etilishi belgilandi.
Bundan buyon hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi mahalla raisi taqdimnomasi asosida tuman hokimi tomonidan lavozimga tayinlanadi va ishdan olinadi.
Poytaxt, viloyat markazlari va yirik tuman-shaharlardagi jozibador biznes muhiti barqaror tadbirkorlar sinfining shakllanishiga xizmat qilmoqda.
Masalan, respublikadagi jami sanoatning 62%i, xizmatlarning 57%i tadbirkorlik salohiyati yuqori 50 ta tuman-shaharga to‘g‘ri keladi. Uch yil oldin ushbu tumanlarda mahalliy budjetning qo‘shimcha daromadi jami 875 mlrd so‘m bo‘lgan. Endi esa ularga 8,5 barobar ko‘p, ya‘ni 7,4 trln so‘m qo‘shimcha mablag‘ tushadi.
Shu bois, 50 ta tuman hokimi imkoniyatini ishga solib, infratuzilmani yaxshilash orqali daromadni ko‘paytirish bo‘yicha qattiq ishlashi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bu borada poytaxtdagi 12 ta tumanda biznes reja ishlab chiqilib, budjetga yana 5,5 trln so‘mlik tushum manbasi aniqlandi. Masalan, Olmazor tumanida joriy yil mahalliy budjetga qo‘shimcha 525 mlrd so‘m kelib tushishi kutilmoqda.
Masalan, “Kaykovus” kanalining 2 kilometr qismi Eski shahar hududidagi 8 ta mahalladan o‘tgan. Endi ushbu 8 ta mahalladagi hokim yordamchilari bitta “loyiha guruhi"ga birlashib, yaxlit konsepsiya asosida kanal bo‘yida savdo, servis va dam olish infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ishlaydi.
Xuddi shu tartibda turizm, ta‘lim, tibbiy xizmatlar, renovatsiya, ko‘l bo‘yi, gavjum ko‘chalar kabi yo‘nalishlarda ham hokim yordamchilaridan iborat “loyiha guruhlari” tashkil qilinadi.
