2018-yilda Toshkentda ilk ijodiy markazlardan biri sifatida ochilgan Masterskaya o‘zining sakkiz yillik faoliyati davomida shunchaki studiyadan yirik monumental san’at markazigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi.

Loyiha o‘z vaqtida poytaxt uchun yangilik bo‘lgan format — mahorat darslari bilan boshlangandi. O‘sha paytda bu yer yangi tajriba izlovchilar, san’atga yaqinlashishni xohlovchilar hamda muhim voqealarni nishonlovchilarning sevimli maskaniga aylangan. Biroq vaqt o‘tishi bilan Masterskaya kichik ijodiy markazdan to‘laqonli biznesga aylangan.

Bugungi Masterskaya shunchaki markaz emas, balki shahar qiyofasini yangilashga xizmat qiluvchi masshtabli murallar, nozik mozaika va mualliflik keramikasi orqali rassomlar bilan yirik biznesni birlashtiruvchi ko‘prikka aylangan.

Spot loyiha hammuassisi Delya Haydarova bilan loyihaning moliyaviy yostiqchasiz qanday ishga tushirilgani, jamoa nega mahorat darslaridan voz kechgani, qo‘l mehnati nima sababdan qimmat bo‘lishi hamda O‘zbekistonda kreativ industriya duch kelayotgan tizimli cheklovlar haqida suhbatlashdi.


Delya, 2018-yilda Masterskaya’ni ishga tushirdingiz. Bu Toshkentda mahorat darslari tizimli ravishda o‘tkazila boshlangan ilk loyihalardan biri edi. Ammo 2025-yil aprelida bu yo‘nalishni to‘xtatdingiz. Nima bo‘ldi?

Ha, faoliyatimizni mahorat darslaridan boshlaganmiz. Biroq, loyihamizdan ko‘zlangan asl maqsad istalgan mijoz kelib, bir vaqtning o‘zida bir nechta yechimga ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan yagona makon yaratish bo‘lgan. Bu mahorat darslaridan boshlab, kulolchilik san’atigacha bo‘lgan keng qamrovni o‘z ichiga olgan.

Biz uchun eng muhimi — odamlarning ovora bo‘lmasligi ya’ni rasm sotib olish uchun bir joyga, farzandiga ijodiy tug‘ilgan kunini tashkil qilish uchun boshqa joyga borib yurishiga hojat qolmasin. Bu vazifani soddalashtirishni va barcha turdagi talablarni bitta hududda, to‘liq tayyor holda hal qilishni niyat qilgandik.

Mahorat darslari ilk xizmatimizga aylandi. 2018-yilda bozorda bunday format umuman yo‘q edi: o‘sha paytda mahorat darslariga qatnashish ommalashmagan, dam olish kunlarini san’at bilan o‘tkazadigan ijodiy muhit hali shakllanmagandi. Asosiy maqsadimiz brend imijini yaratish va bu sohani rivojlantirish bo‘ldi. Albatta, har qanday biznes o‘zini oqlashi kerak, ammo bu loyiha biz uchun faqat daromad manbai emasdi — ko‘proq odamlarni san’atga yaqinlashtirish va ijodiy madaniyatni yuksaltirishni istadik.

Oradan qariyb sakkiz yil o‘tdi va shu vaqt ichida bozor butunlay o‘zgardi. Bir paytlar biz yangi trendni boshlab bergan bo‘lsak, hozir mahorat darslari o‘tkazadigan joylar sezilarli darajada ko‘paydi. Rostini aytganda bu formatdan allaqachon o‘tib bo‘ldik. Hozirgi bosqichda va kengayish darajamizda faqat mahorat darslari bilan cheklanish endi yetarli emas.

Mahorat darslari bizning ilk muvaffaqiyatimizning asosiy kaliti bo‘lganini unutmaymiz. Aynan ular bizga ilk mijozlarni olib keldi va loyihani tanitdi. Bu tajribadan minnatdor bo‘lib, endi yangi marralar sari yo‘l olyapmiz. Bugun bu sohada paydo bo‘layotgan yangi ishtirokchilarga omad tilaymiz. Biz esa o‘z missiyamizning ushbu bosqichini yakunlab, katta maqsadlar sari qadam tashlamoqdamiz.

Bugungi kunda Masterskayaning asosiy faoliyati — keramik plitkalar ishlab chiqarish, devoriy rangtasvir va murallar yaratish, mualliflik kartinalari hamda mozaika san’ati bilan shug‘ullanishdan iborat.

Masterskaya asosan Navro‘z bog‘ida joylashgandi. O‘tgan qish bu yerda ijara narxlari keskin oshdi. Mahorat darslarining yopilishi ijaraning ko‘tarilishi bilan bog‘liq emasmi?

Yo‘q, bu bilan bog‘liq emas. Mahorat darslari bizga moliyaviy foyda keltirishda davom etardi. Hatto o‘sha qiyin davrda ham mijozlar uchun narxlarni oshirmaganmiz.

O‘tgan qishda ijara haqi kutilmaganda qariyb 50% ga ko‘tarilib, barcha ijarachilar qatori bizni ham hayron qoldirdi. Odatda bu ko‘rsatkich 10−15% dan oshmasdi. Biroq, muloqotlar natijasida muammo tezda hal qilinib, narxlar avvalgi holiga qaytdi.

Art open air. Foto: Masterskayaning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasidan

Shu o‘rinda Navro‘z bog‘i ma’muriyati haqida ham to‘xtalib o‘tishni istardim. Hunarmandchilik biznesi mavsumiy bo‘lgani uchun ba’zida pasayishlar yoki moliyaviy uzilishlar yuz beradi. Bunday vaziyatlarda bog‘ ma’muriyati har doim bizni qo‘llab-quvvatlab, holatni to‘g‘ri tushunib yordam berdi. Shuning uchun ulardan minnatdorman. Bizning yangi bosqichga o‘tishimiz esa shunchaki ichki strategik qarorimiz natijasi.

Ko‘pchilikning tasavvurida Masterskaya bilan chambarchas bog‘langan yo‘nalishni yopish siz uchun hissiy jihatdan qanchalik qiyin bo‘ldi? Bu qarorga kelishingizga qancha vaqt ketdi?

Bilasizmi, bu xuddi toksik munosabatlarga o‘xshardi: aslida endi kerak emasligini bilasan, lekin baribir qo‘yib yuborging kelmaydi. Chunki bu yo‘nalish ilk kunlardanoq hayotingning bir qismiga aylangan. Har safar “Mayli, yana biroz davom etsin”, deb o‘ylaysan. Ammo vaqti kelgach, mahorat darslari uchun resurslar samarasiz taqsimlanayotganini aniq ko‘rdik va yakunda ularni yopish qarorini qabul qildik.

Qisqa qilib ta’riflaydigan bo‘lsak Masterskaya bu…

Masterskaya — bu buyurtmachilar bilan hunarmandlar, umuman olganda ijodkorlar o‘rtasidagi mediator. Nazarimda, bu loyiha uchun eng aniq va to‘g‘ri ta’rif.

Masterskaya loyihasi aslida qanday boshlangan?

Bu mutlaqo tasodifan sodir bo‘lgan. Ma’lumotim bo‘yicha moliyachiman — “Biznes va moliya” fakultetini tamomlaganman va ijodiy sohada ishlayman yoki san’at bilan bog‘liq qandaydir loyihalar qilaman, deb umuman o‘ylamaganman. Ammo hayotning bizga atalgan o‘z rejalari bor ekan.

Institutni endigina tamomlagan paytlarim, nima bilan shug‘ullanishni unchalik aniq bilmasdim, lekin shu bilan birga doimo ijodga intilardim. O‘ylaymanki, bu onamdan o‘tgan — bolaligimdan onam bilimli inson san’atdan oz bo‘lsa-da xabardor bo‘lishi kerakligini uqtirardi.

Bir kuni Breadly qahvaxonasida o‘tirib, u yerdagi rasmlarni ko‘rib qoldim. O‘sha davr uchun bu mutlaqo yangicha yondashuv bo‘lib, buni kim amalga oshirgani meni juda qiziqtirib qolgandi.

Qahvaxona loyihasiga aloqador bo‘lgan tanishimdan meni rassom bilan tanishtirishini so‘radim. Shunday qilib, Zulfiya Spovart bilan tanishdim. O‘sha paytda u allaqachon devoriy rangtasvir va turli obyektlar ustida ishlayotgandi. Men esa unga yordam bermoqchi ekanligimni aytdim — hatto boshida bepul bo‘lsa ham, faqat o‘rganish va yonida bo‘lish uchun hammasiga tayyor edim.

Loyihaning boshlanishi kutilmagan bo‘ldi. Hammuassisimiz Zulfiya o‘zi ishlagan va dars bergan studiyadan ketgach, bir kuni kutilmaganda: “Keling, o‘zimizning studiyamizni ochamiz”, deb qoldi. Ertasi kuni biz moliyaviy zaxira va aniq rejasiz joy izlashga tushdik. Men pulni qayerdan topishimizni mutlaqo bilmasdim, ammo istagimiz shu qadar kuchli ediki, bu narsa ahamiyatsiz edi.

2018-yil arxivi. Loyiha asoschilari Zulfiya Spovart (chapda) va Delya Haydarova (o‘ngda)
Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Panoramali derazalari bor, shiftining balandligi qariyb besh metr bo‘lgan bir joyni topib, o‘sha zahoti tushundik — bu aynan biz qidirayotgan joy. Hammasi mana shunday boshlangan.

Ammo siz ma’lumotingiz bo‘yicha biznes va moliya sohasi mutaxassisisiz: BMT Taraqqiyot dasturida, O‘zbekiston temir yo‘llari'da ishlagansiz, shuningdek Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazida xalqaro bo‘limga rahbarlik qilgansiz. Agar 2018-yilga qaytish imkoni bo‘lsa, baribir ijod yo‘lini tanlarmidingiz?

Yaxshi savol. Ehtimol, o‘zim uchun ishlash imkoniyati meni har doim ko‘proq o‘ziga jalb qilgan bo‘lsa kerak. 17−18 yoshimda amaliyot o‘tashni boshlaganman va o‘shanda loyihalarda yanada rivojlanishni taklif qilishardi. Bu menga yoqardi, chunki bu rivojlanish va ta’lim bilan bog‘liq. Shuning uchun aytishim mumkinki, men olgan tajriba va Masterskaya loyihasi ko‘p jihatdan bir-biri bilan bog‘liq.

Ammo yakunda shaxsiy biznesni tanladim — chunki men uchun tizimga bo‘ysunishdan ko‘ra, uni o‘zim yaratish muhimroq.

Loyihani boshlash uchun dastlab qancha kiritgansiz? Eng katta xarajatlar nimalarga sarflangan?

Eng katta mablag‘ ijaraga ketgan. O‘shanda birdaniga uch oylik ijara haqini oldindan to‘lashimiz kerak bo‘lgan. 2018-yilda ijara haqi oyiga qariyb $1500 ni tashkil qilardi, holbuki o‘sha joyimiz hozirgisidan ancha kichik edi. To‘g‘risini aytsam, o‘shanda bu qiyinchilikdan qanday chiqib ketganimizni hali ham aniq tushunmayman, biroq loyiha tez orada o‘zini oqlay boshlagan.

Umuman olganda, loyihani ishga tushirish uchun qariyb $10 ming sarmoya kiritdik. Bu summaning yarmi ijaraga, qolgan qismi esa studiyani jihozlashga sarflangan.

Hech qanday investorimiz bo‘lmagan: mablag‘ni tom ma’noda yig‘ib topganmiz. Hammasi dugonam joy uchun garov pulini to‘lashimizga bergan $300 dan boshlangan. Keyin otam yordam berdi — bu umumiy summaning taxminan 40% ni tashkil qildi. Keyin esa Zulfiya bilan birga qo‘ng‘iroq qilib, qarz so‘rashimiz mumkin bo‘lgan tanishlar va do‘stlar ro‘yxatini tuzib chiqqanmiz.

Masterskaya’ning moliyaviy barqarorlikka tez erishishi bu insonlar ishonchining natijasidir. 2018-yilda biz taklif qilgan format yangilik bo‘lgani uchun bozorda haqiqiy shov-shuv ko‘tarildi. Yuqori talab barcha qarzlardan qisqa fursatda qutulish va loyihani mustaqil oyoqqa qo‘yish imkonini berdi. Bizga ishonib kelgan har bir mijoz Masterskaya tarixining muvaffaqiyatli boshlanishiga o‘z hissasini qo‘shgan.

Ko‘pchilik uchun, ayniqsa, katta avlod vakillari uchun ijodiy faoliyat hali ham jiddiy kasb hisoblanmaydi. O‘zim ham ko‘p marta “fotograflik jiddiy ish emas, kelajagingga foydasi tegmaydi”, degan gaplarni eshitganman. Siz ish faoliyatingiz davomida bunga duch kelganmisiz?

Ha, shubhasiz. Lekin bu yerda masalaning ildizi qayerga borib taqalishini tushunish muhim. Bu ko‘p jihatdan sobiq ittifoq davridan qolgan meros: u paytlarda sevimli mashg‘ulot ish hisoblanmagan. Aniq model bor edi: soat 9 dan 6 gacha ish, barqarorlik va tushunarli tizim. Shuning uchun ham katta avlod uchun erkin grafik hamon xavfli va ishonchsizdek tuyuladi. Ammo bu ijodiy kasb egalari daromadsiz qoladi, degani emas.

Chin dildan ishonamanki, ijod orqali ham yaxshigina pul topish va farovon yashash mumkin. Agar o‘z ishingizni sifatli bajarsangiz — fotograf bo‘lasizmi, rassom, dizayner yoki boshqa biror soha vakili — sizda hamisha mijoz va talab bo‘ladi. Sifatli mehnatni qadrlaydigan insonlar har doim topiladi va har qanday mahsulotning o‘z xaridori bor.

Shu bilan birga, hamon ko‘pchilikka mualliflik ishlari “juda qimmat"dek tuyuladi. Nima uchun, sizningcha, insonlarga qo‘l mehnatining haqiqiy qiymatini qabul qilish hali ham qiyin?

Menimcha, gap odamlarning san’at uchun pul to‘lashni xohlamasligida emas, balki ularda ma’lumot yetishmasligida. Ko‘pchilik faqat tayyor mahsulotni ko‘rib, uning ortida qancha mehnat, vaqt va kuch yotganini o‘ylab ko‘rmaydi. Bu tabiiy hol — xuddi biz ham har doim, masalan, non ishlab chiqaruvchining mehnati qanday tuzilgani haqida o‘ylayvermaganimizdek.

Agar odamlar jarayonning o‘zini — ijodga qancha mehr va mehnat sarflanayotganini ko‘proq ko‘rishsa, narx qayerdan kelib chiqishi yanada tushunarliroq bo‘ladi.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Masterskaya eng muvaffaqiyatli yillarida qancha daromad topgan?

Ijodiy biznes uchun va O‘zbekistondagi talabni hisobga olganda, bular juda yaxshi va salmoqli summalar edi.

Butun faoliyatingiz davomidagi eng katta zarar-chi?

Qariyb 400 mln so‘m atrofida moliyaviy uzilish yuz bergan. Bunday holatlar bir necha bor takrorlangan. Bu biznes uchun tabiiy jarayon: mavsumiylik mavjud, talab pasaygan davrlarda ham ijara va ish haqi kabi doimiy xarajatlar saqlanib qoladi.

Bunday vaziyatlardan muzokaralar va o‘zaro ishonch orqali chiqib ketganmiz. Ijara beruvchilar bilan kelishardik, jamoamiz ham holatni to‘g‘ri tushunardi. Biznes yana foydaga kirganida esa har doim barcha majburiyatlarni to‘liq yopganman. Bu moliya, muloqot va mas’uliyat o‘rtasidagi doimiy muvozanat.

Mahorat darslari ko‘proq foyda keltirarmidi yoki yirik buyurtmalar?

Albatta, yirik loyihalar — murallar va korporativ buyurtmalar. Mahorat darslarining sof foyda ulushi o‘rtacha 350 ming so‘mlik chek bilan taxminan 30% ni tashkil etadi. Murallarda esa bu qariyb 50% bo‘lib, chek 100 mln so‘m va undan yuqori bo‘ladi. Ikkala yo‘nalish ham katta kuch talab qiladi, ammo ularning miqyosi va beradigan natijasini solishtirib bo‘lmaydi.

Hozirda Masterskaya rassomlar va buyurtmachilar o‘rtasidagi mediatorga aylangan. Bilishimcha, bu O‘zbekistondagi birinchi shunday biznes shakli, shunday emasmi?

Hozir shunga o‘xshash loyihalarni ko‘ryapman, lekin biz boshlaganimizda bunday emas edi. Ko‘pincha buyurtmachilar — kompaniyalar, tashkilotlar bevosita rassomlarga murojaat qilishadi. Va bu yerda deyarli har doim qiyinchilik yuzaga keladi: ijodkor va buyurtmachi — ikki xil dunyo. Mening kuchli tomonim aynan ular o‘rtasida murosaga kelish va mediator bo‘lishdir.

Mediatorlik jarayonida eng qiyin jihat nima?

Barchaga birdek yoqish. Bir vaqtning o‘zida ham buyurtmachining talabini bajarish, ham rassom bilan kelishish zarur. Ijodkor inson kutilmagan qarorlar qabul qilishi mumkin: ba’zan muddatlarga amal qilmaydi yoki jarayon davomida ilhom kelib, hammasini boshqacha qilishni istaydi. Bu rassomning jarayondagi rolini cheklash emas, balki ijodiy fikrlashning tabiiy xususiyati. Ammo tijorat loyihasi yoki binoning fasadini bo‘yashda bunday o‘zgarishlarga har doim ham yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

Mana shu nuqtada men moliyaviy va obro‘ nuqtai nazaridan kafolat beruvchi sifatida maydonga chiqaman. Buyurtmachi oldida natija va mahsulot yakunda sifatli bo‘lishi uchun to‘liq mas’uliyatni o‘z zimmasiga olaman.

Asosiy mijozlarimiz yirik kompaniyalar, xoldinglar va ba’zan davlat tashkilotlari. Ular bevosita rassomlar bilan ishlashni xohlamaydilar. Ularga muzokaralar, nazorat va huquqiy javobgarlikni o‘z zimmasiga oladigan vositachi kerak.

Demak, barcha mas’uliyat sizning zimmangizdami?

Ha. Badiiy qismni, albatta, rassom bajaradi: u g‘oyani hayotga tatbiq etadi. Ammo qolgan barcha jarayonlar: birinchi so‘rovdan tortib, loyiha topshirilguniga qadar bo‘lgan bosqichlarni men va jamoam boshqaramiz. Aniq texnik topshiriq tuzamiz, uni buyurtmachi bilan batafsil kelishib, rassomga tushuntiramiz.

Bugungi kunda Masterskaya’ning buyurtmachilar bilan ishlashdagi moliyaviy modeli qanday tuzilgan: siz bitimdan foiz olasizmi yoki loyiha uchun qat’iy belgilangan narx asosida ishlaysizmi?

Har bir keys — alohida hikoya. Har doim mijozdan budjeti haqida so‘rayman va ochiq gaplashishga harakat qilaman. Agar qo‘l mehnatining haqiqiy qiymatiga teng narxda belgilaganimda biznes shunchaki yashab qololmasdi. Shu sababli biz murosaga intilamiz. Ba’zan kamroq summaga sifatli ish qilishning imkoni yo‘q, deb ochiq aytaman.

Loyihalarni deyarli foydasiz yoki bepul bajargan vaziyatlarimiz ham bo‘lgan. Buni shunchaki ishimizni ko‘rsatish, kompaniyalarni va butun industriyani san’atga yaqinlashtirish uchun qilganmiz. Keyinchalik esa bunday ishlarning asl qiymatini ko‘rsatish imkoniyati yuzaga chiqadi.

Hozir shaharda murallar trendi yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Umuman olganda, ushbu tendensiyaga qanday munosabatdasiz?

Ijobiy qarayman. Murallar shaharga haqiqiy ko‘rk bag‘ishlaydi. Bunday loyihalarni buyurtma qilayotgan kompaniyalar aslida san’at orqali shahar bilan muloqot qilmoqdalar — bu alohida va kuchli til. Bu jarayonda ishtirok etish juda qiziqarli va unga qurbi yetadigan kompaniyalarning bu san’atga ko‘proq e’tibor qaratayotganidan xursandman.

Biz ham bir nechta yirik murallarni yaratganmiz va ishimizning ushbu qismi bilan faxrlanamiz. Shu bilan birga, bu sohadagi raqobat tabiiy va hatto foydali. Ammo buyurtmachilar bir narsani anglab olishlari muhim: agar san’at orqali gapirishga qaror qilgan ekansiz, buni sifatli bajarish va mutaxassislarga murojaat qilish zarur. Afsuski, ba’zida hatto eng oddiy tamoyillarga — masalan, odam anatomiyasiga amal qilinmaydi. Yirik va nufuzli kompaniyalarda bunday xatolik yuz berganda, natija juda achinarli ko‘rinadi.

Murallar o‘zi qanchalik chidamli? Chunki yomg‘ir tufayli osongina shikastlanishi yoki yo‘lovchilar uni buzib qo‘yishi mumkin. Bir mural taxminan qancha vaqt turadi va uni restavratsiya qilsa bo‘ladimi?

Murallarni restavratsiya qilish mumkin va zarur. Biz o‘z ishimizda fors-major holatlarini hisobga olmaganda, murallarga 10 yilgacha kafolat beramiz. Buning uchun tashqi sharoitlarga mos, quyosh nuri, yomg‘ir va harorat o‘zgarishlariga bardosh beradigan fasad bo‘yoqlaridan foydalanamiz. Shunday qilib, to‘g‘ri materiallar va texnologiyalar qo‘llanilsa, mural uzoq davom etuvchi hikoya bo‘lib chiqadi.

Buyurtmachilar murallarni “qimmat” deb aytishmaydimi? Umuman, ularning narxi qancha?

Ha, bunday gaplarni doim eshitamiz. Bu tabiiy holat, chunki hamma ham bu ishning ham jismoniy, ham ruhiy jihatdan naqadar mashaqqatli ekanini tasavvur qila olmaydi. Eskizdan tortib so‘nggi shtrixgacha bo‘lgan jarayon katta mehnat talab qiladi. Ko‘pincha gap bir necha qavatli fasadlar, minoralar ustidagi ishlar haqida ketadi.

Bizda narxlar 1 kv.m uchun taxminan 400 ming so‘mdan boshlanadi. Bu evaziga buyurtmachi yuqori sifat, to‘g‘ri anatomiya, uzoq muddatli chidamlilik va belgilangan muddatlarga qat’iy amal qilinishini oladi. Bir haftada yakunlagan loyihalarimiz bo‘lgan, hatto bir marta to‘qqiz qavatli binodagi ishni bir kunda bitirganmiz. Agar jamoa professional bo‘lsa, buning iloji bor.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Masterskaya’ning o‘z sexi ham bor. Nima uchun aynan ishlab chiqarishni tanladingiz? Masalan, “dizayn + autsors” modeli bo‘yicha ishlash osonroq emasmi?

Bizda gibrid format shakllangan. O‘zimizning kichik seximiz bor, u yerda keramik plitkalar ishlab chiqaramiz va o‘z ustalarimiz bilan ishlaymiz. Shu bilan birga, ustalar faqat bizga bog‘lanib qolmagan ular boshqa buyurtmalarni ham olishlari mumkin. Biz uchun sifat va jarayonni nazorat qilish juda muhim, chunki keramika — o‘ta nozik va murakkab ish.

Faqat buyurtma asosida ishlaysizlarmi yoki tayyor kolleksiyalaringiz ham bormi?

Har bir loyihani alohida, individual tartibda amalga oshiramiz. Umuman olganda, ta’mirlash jarayoni doimo o‘ziga xos bo‘ladi: o‘lchamlar, masshtab va vazifalar turlicha. Ba’zan bir xil plitka bir interyerda juda chiroyli ko‘rinishi, boshqasiga esa mutlaqo mos kelmasligi mumkin. Shu sababli yechimlarni har doim aniq bir joylashuvga moslashtiramiz.

Kelajakda katalog formatini yo‘lga qo‘yish haqida ham o‘ylayapmiz. Unda tayyor eskizlar bo‘lib, mijoz ularni o‘z loyihasiga moslab rangi, o‘lchami hamda miqdorini tanlab olishi mumkin bo‘ladi. Biroq bu baribir ommaviy ishlab chiqarish emas, balki individual yondashuvni saqlab qoladigan tizim bo‘ladi.

O‘z sexingizni ta’minlash va saqlash qanchalik qiyin va qimmat?

Ijod va qo‘l mehnati bilan bog‘liq bo‘lgan barcha narsa qimmatga tushadi. Keramika juda kutilmagan natija beradigan material: loy yorilib ketishi, rangini o‘zgartirishi yoki pechda mutlaqo boshqacha natija berishi mumkin. Hatto barcha texnologiyalarga amal qilinganda ham doimo xatar mavjud bo‘ladi.

Shu sababli biz har doim “zaxira” bilan ishlaymiz va buyurtmachilarni ochiq ogohlantiramiz: nuqsonli mahsulot chiqishi yoki nimadir birinchi urinishda o‘xshamasligi mumkin. Keramika shunday ishlaydi.

Bunday plitkalar fabrika plitkalariga qaraganda hamisha ikki, uch, ba’zan to‘rt-besh baravar qimmat turadi. Chunki bu qo‘l mehnati, katta resurs va vaqt talab qiladi.

Sizlar mozaika bilan ham shug‘ullanasizlarmi? Bu qanchalik mehnat talab qiladigan jarayon: har bir element haqiqatan ham qo‘lda yig‘iladimi va bunday loyiha o‘rtacha qancha vaqtni oladi?

Bu juda mashaqqatli ish. Har bir element kichik bir bo‘lak bo‘lib, uni to‘g‘ri sindirish, shakli va rangini tanlash, so‘ng yaxlit kompozitsiyaga yig‘ish kerak. Bu tom ma’noda zargarlik darajasidagi ish. Biz juda tajribali ustalar bilan ishlaymiz va O‘zbekistonda mozaika ko‘proq paydo bo‘lishini juda istardim — bu nihoyatda go‘zal va chuqur format.

Plitka va mozaikaga qanchalik tez-tez buyurtma berishadi?

Plitkaga ko‘proq, mozaikaga esa kamroq buyurtma tushadi, chunki hali bu loyihalarni ommaga keng ko‘rsatmaganmiz. Asosan buyurtmalar biz bilan yaqin hamkorlik qiladigan dizaynerlar orqali keladi. Bu sohada hamma bir-birini yaxshi taniydi.

Loyihalarning hajmi turlicha bo‘lishi mumkin: ba’zan bu kichik bir sanuzel, ba’zan esa bir necha oy davomida tayyorlanadigan 300−400 kv.m maydonlar. Hatto boshqa davlatlar, jumladan, Tojikiston va BAA uchun ham loyihalar ustida ishlaganmiz.

2026-yilda Masterskaya’ning maqsad va rejalari qanday?

Xizmatlarimiz o‘zgarishsiz qoladi, biroq endi jarayonlarning ichki tomonini ko‘proq ko‘rsatishga harakat qilamiz. Mural, plitka yoki relyef ortida qanday mehnat, qancha vaqt va uyqusiz tunlardagi ish jarayoni yotganini odamlarga yetkazmoqchimiz.

Asosiy maqsadim — insonlar bu ishlar nima uchun aynan shunday narxda baholanishini va qo‘l mehnati qanday ulkan qiymatga ega ekanligini anglab yetishlariga erishish.


Intervyuni rus tilida video-formatda tomosha qilishingiz mumkin: