Avvalroq Adliya vazirligi tomonidan 2026-yilda ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risidagi prezident farmoni loyihasi muhokamaga qo‘yilgani haqida xabar berilgandi.

Loyiha bilan O‘zbekistonda pensiyadan turli chegirmalar qo‘llangandan keyin beriladigan mablag‘lar miqdorini qonunchilik doirasida qat’iy belgilash rejalashtirilmoqda.

Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori o‘rinbosari Jamshid Abruyevga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda joriy yilning iyul oyigacha tegishli qonun loyihasini ishlab chiqish topshiriladi. Ushbu hujjat “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi qonunga bir qator o‘zgartirishlarni nazarda tutadi.

Xususan, pensiyadan ushlab qolinadigan har oylik chegirmalar miqdori uning 50%idan oshmasligi belgilanadi. Chegirmalar qo‘llangandan so‘ng pensionerga to‘lanadigan pensiya miqdori rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bundan tashqari, ilg‘or xorijiy tajriba asosida davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh qilishga qaratilgan kompleks dastur ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda.

Unda amaldagi jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini qayta ko‘rib chiqish, pensiya jamg‘armalarini kapitallashtirishning samarali mexanizmlarini joriy etish nazarda tutiladi.

Shu bilan birga, jamg‘arma mablag‘larini samarali safarbar qilish va uzoq muddatli investitsiyaga yo‘naltirish mexanizmlarini joriy qilish orqali kapital bozorini rivojlantirish choralari ko‘riladi.

Dasturda, shuningdek, barqaror pensiya tizimini yaratish bo‘yicha Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzurida xalqaro konsultantlardan iborat Loyiha ofisini tashkil etish belgilanmoqda.

Bu bo‘yicha prezident farmoni loyihasi 2026-yilning dekabr oyigacha ishlab chiqilishi kerak. Iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari Axadbek Xaydarov mas’ul bo‘ladi.

Pensiya islohoti

2024-yil sentyabrda Vazirlar Mahkamasi davlat pensiya ta’minotini isloh qilish konsepsiyasini ishlab chiqadigan ishchi guruh tarkibini tasdiqladi. Ishchi guruhga amaldagi pensiya tizimidagi mavjud muammolarni o‘rganish vazifasi yuklandi.

Pensiya islohotlari konsepsiyasi loyihasini 2025-yil 1-martgacha Prezident Administratsiyasiga kiritish topshirilgandi. Ishchi guruhga Bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov rahbarlik qiladi.

2025-yilning aprel oyida Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonning soliq-budjet siyosatini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Budjet xarajatlari samaradorligini oshirish uchun pensiya islohotini o‘tkazish taklif etildi.

Oxirgi 10 yilda Pensiya jamg‘armasi daromadlari 3,4 barobar, xarajatlari esa 5 barobar oshgan. 2020-yildan boshlab pensiya to‘lovlarini moliyalashtirish uchun doimiy ravishda davlat budjetidan transfert ajratiladi. 2022-yilda transfert miqdori 11 trln so‘mni tashkil etib, umumiy xarajatlarning chorak qismini tashkil etdi. 2023-yil uchun 15 trln so‘m (29%) ajratish rejalashtirilgandi. 2030-yilda transfert hajmi 38 trln so‘mni tashkil etishi prognoz qilinmoqda.

Xalqaro maslahatchilar kengashi O‘zbekistonda pensiya tizimini qayta ko‘rib chiqish va buning uchun 6 ta yo‘nalishdagi 5 ta qonunni qabul qilishni taklif qilgandi. Bular qatorida “sug‘urta staji"ni joriy etish, pensiya bo‘yicha xizmatlarni to‘liq raqamlashtirish hamda xususiy pensiya jamg‘armalarini tashkil etish bor.

Undan keyin prezident “Fuqarolarning davlat pensiya ta‘minoti to‘g‘risida"gi qonunga pensiyalarni proaktiv shaklda (avtomatik) tayinlashni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlarni tasdiqladi. Erkaklar 60 yoshdan, ayollar 55 yoshdan keyin avtomatik ravishda to‘lov oladi.Fuqaroning yoshga doir pensiya olish huquqi belgilangan axborot tizimlaridan olingan ma‘lumotlar asosida aniqlanadi.

Iyun oyida Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekiston hukumatiga amaldagi pensiya tizimini isloh qilishni tavsiya qildi. Xususan, minimal pensiya yoshini oshirish va to‘lovlarni inflyatsiya darajasiga avtomatik ravishda indeksatsiya qilish taklif etildi.

XVJ ma’lumotlariga ko‘ra, hukumat 2025-yilda pensiya islohoti loyihasini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Pensiya islohoti konsepsiyasini sentabrgacha prezidentga taqdim etish rejalashtirilgan.

O‘z navbatida, Pensiya jamg‘armasi ijtimoiy tarmoqlarda pensiyaga chiqishning eng kam yoshini oshirish taklifi bilan bog‘liq xabarlarga izoh berib, hozirda pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmaganini, ishlar o‘rganish, tahlil qilish va takliflar ishlab chiqish bosqichida ekanligini qayd etdi.

Avvalroq pensiyani naqd pulga onlayn o‘tkazish imkoni yaratilgani haqida xabar berilgandi.