OpenAI kompaniyasining so‘nggi ChatGPT modeli keng ko‘lamli savollarga javob berishda Grokipedia sun’iy intellekt ensiklopediyasidan iqtibos keltira boshladi.
Ushbu resursdan foydalanishni aniqlagan platformani sinovdan o‘tkazish natijalari haqida The Guardian nashri xabar berdi.
Sinovlar davomida GPT-5.2 12 dan ortiq turli so‘rovlarga javob sifatida Grokipediaga to‘qqiz marta murojaat qildi.
Maskning resursiga havolalar Eronning siyosiy tuzilmalari, jumladan, “Basij” harbiylashtirilgan tuzilmalarining daromadlari haqidagi javoblarda, shuningdek, britaniyalik tarixchi Richard Evansning tarjimai holida uchraydi.
Shu bilan birga, ChatGPT Grokipedia’dan to‘g‘ridan-to‘g‘ri so‘rovlar bo‘yicha, masalan, Kapitoliyga bostirib kirish yoki OITS epidemiyasi kabi shov-shuvli mavzularda iqtibos keltirmagan, chunki ensiklopediya bu mavzularda noto‘g‘ri ma’lumot tarqatgani uchun tanqid qilingan edi.
Grokipedia ma’lumotlari neyrotarmoq javoblariga asosan torroq mavzular muhokama qilinganda kirib kelgan. Shunga o‘xshash Grokipedia tilga olinishi Anthropic kompaniyasining Claude modelida ham qayd etilgan.
OpenAI’ning ta’kidlashicha, ChatGPT veb-qidiruvi keng ko‘lamli ommaviy manbalar va nuqtayi nazarlarni qamrab olishga qaratilgan. Kompaniya xavflarni kamaytirish uchun xavfsizlik filtrlarini qo‘llaydi va iqtibos tizimi orqali manbalarni ko‘rsatadi.
Grokipedia’ga egalik qiluvchi xAI vakillari nashr so‘roviga javoban “an'anaviy OAV yolg‘on gapirayotganini” aytishgan.
Dezinformatsiya tadqiqotchilari, o‘z navbatida, neyrotarmoqlarning shubhali resurslardan foydalanishi foydalanuvchilar ko‘z o‘ngida ishonchsiz manbalarning obro‘sini oshirishi mumkinligidan xavotir bildirishdi — ular neyrotarmoqlar Grokipedia va boshqa dezinformatsiya resurslariga havola qilayotgan ekan, demak ularga ishonish mumkin, deb o‘ylashlari mumkin.
Avvalroq Spot ChatGPT endi foydalanuvchi yoshini aniqlashi haqida yozgandi.
OpenAI voyaga yetmaganlarni aniqlash va ularning suhbat mazmuniga mos cheklovlar qo‘yishga xizmat qiluvchi “yoshni bashorat qilish” funksiyasini joriy etdi.
