Buxoro viloyati IIB tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida yirik miqdordagi noqonuniy kriptoaktivlar aylanmasi fosh etildi. Bu haqda IIV xabar berdi.

2005-yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan fuqaro muqaddam 26 mlrd so‘mlik noqonuniy savdo operatsiyalarini amalga oshirgani uchun javobgarlikka tortilgan. Sud tomonidan uning aybiga iqror bo‘lgani va pushaymonligi inobatga olinib, 2025-yil avgust oyidan ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Biroq gumonlanuvchi 2025-yil aprel oyida unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganidan keyin ham noqonuniy faoliyatni davom ettirgan.

U 2025-yil 20-apreldan 30-sentabrgacha belgilangan tartibda litsenziya olmasdan Binance va Bitget platformalari orqali 2407 marotaba savdo operatsiyalarini amalga oshirgan.

Natijada jami 1,37 mln USDT (18,16 mlrd so‘m) miqdoridagi kriptoaktivlarni noqonuniy olish, o‘tkazish va ayirboshlash holatlari aniqlangan. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, mazkur miqdor juda ko‘p miqdor sifatida baholanadi.

Tergov davomida jabrlanuvchiga tegishli bank kartasidan 1 mlrd so‘m boshqa shaxslarning bank kartalari orqali aylantirilgani aniqlandi. 757 mln so‘m gumonlanuvchi nazoratidagi bir nechta bank kartalariga tushirilib, keyinchalik kripto birjalardagi noma‘lum hisob raqamlariga o‘tkazilgan.

Shuningdek, gumonlanuvchidan ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan Redmi Note 11 Pro rusumli uyali telefon ko‘zdan kechirilganda, unda 15 ga yaqin elektron manzil aniqlangan.

Telefon xotirasidagi Binance ilovasi orqali savdo operatsiyalari shaxsan uning nomiga ochilgan hisob-hamyon orqali amalga oshirilgani tasdiqlangan.

Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 278−8-moddasi 3-qismi “a” bandi (Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish juda ko‘p miqdorda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

2025-yilning oktabrida Navoiyda 104 mlrd so‘mlik noqonuniy kriptoaylanma fosh etilgandi. To‘rt kishidan iborat jinoiy guruh boshqa shaxslar nomidagi kartalar orqali kriptoaktivlar ayirboshlash bilan shug‘ullanib, yirik daromad olgani aniqlangan edi.

Avvalroq Belarusda kriptobanklar va token operatsiyalari qonuniylashtirilgani haqida xabar berilgandi.