Avvalroq Adliya vazirligi tomonidan 2026-yilda ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risidagi prezident farmoni loyihasi muhokamaga qo‘yilgani haqida xabar berilgandi.

Loyiha bilan O‘zbekistonda fuqaro aviatsiyasining uchuvchisiz aviatsiya tizimlaridan foydalanishni liberallashtirish rejalashtirilmoqda.

Xususan, yuridik shaxslarga uchuvchisiz uchadigan apparatlarni olib kirish, ishlab chiqarish, foydalanish va xizmat ko‘rsatishga ruxsat berish taklif etilmoqda. Bu mamlakat hududida iqtisodiyot tarmoqlarini zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda rivojlantirishga qaratilgan.

Bunda dronlar, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini O‘zbekistonga olib kirish, ishlab chiqarish, ulardan foydalanish, sotish, shuningdek, ularga tegishli xizmatlar ko‘rsatish litsenziya va sertifikatlar asosida tartibga solinadi.

Havo hududida yashil, sariq va qizil zonalar yaratilib, dronlardan xavfsiz foydalanishni ta’minlash, parvozlarni nazorat va monitoring qilish uchun yagona avtomatlashtirilgan raqamli infratuzilma joriy etiladi.

Shu bilan birga, sohada kadrlarni tayyorlash, shu jumladan, qurilmalarni boshqarish guvohnomalarini joriy etish mexanizmlarini yaratish ko‘zda tutilmoqda.

Transport vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Mudofaa vazirligi hamda Strategik rivojlanish va islohotlar agentligiga 2026-yilning iyun oyigacha tegishli prezident farmonini ishlab chiqish topshiriladi.

O‘zbekistonda dronlardan foydalanish

2015-yildan boshlab O‘zbekistonga jismoniy shaxslar tomonidan dronlarni olib kirish taqiqlangan, alohida holatlar bundan mustasno. 2020-yili mazkur taqiqni ko‘rib chiqish uchun petitsiya e’lon qilindi, ammo tashabbus oldinga siljimadi.

Yuridik shaxslar maxsus ruxsatnoma asosida dronlarni olib kirishi va o‘z maqsadlari uchun foydalanishi mumkin. Hozir bu huquqdan asosan qishloq xo‘jaligi tarmoqlari foydalanadi — xususan, qizilmiya yetishtiruvchilar uyushmasi a’zolari shunday huquqqa ega.

2022-yilning noyabrida hukumatning mamlakatda uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish to‘g‘risidagi qarori tasdiqlandi. Mazkur hujjat bilan, uchuvchisiz uchish apparatlari uchun ruxsat olish tartibi qarorga muvofiq amalga oshiriladi.

2023-yil boshida prezident O‘zbekistonda dronlarni yig‘ishni tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi. Iyun oyida dronlar uchun ruxsatnomalarning amal qilish muddatini tekshirish xizmati ishga tushdi. Iyul oyida esa fuqaro va eksperimental aviatsiyasining parvoz qilish aviatsiya qoidalariga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi Transport vaziri buyrug‘i imzolandi.

2024-yilning mart oyida prezident tomonidan imzolangan qonun bilan dronlardan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlik yengillashtirildi. Ularni noqonuniy olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish uchun avval ma’muriy keyin jinoiy javobgarlik belgilanadi.

2025-yil boshida O‘zaeronavigatsiya markazi tomonidan uchuvchisiz uchish apparatlarini boshqarish sohasida ATM: Safe Sky tizimi ishga tushirildi. Uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish uchun ruxsatnomalarni mobil ilova orqali olish mumkin.

Iyul oyida O‘zbekiston o‘z dronlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga tayyorgarlik ko‘rayotgani ma’lum bo‘lgandi. Mahalliy korxonalar dronlar uchun elektron komponentlar va dasturiy ta’minot ishlab chiqarishni o‘zlashtirmoqda. Mahalliylashtirish darajasi — 80%.

Avvalroq armiyada dronlar va robotlashtirilgan komplekslarni joriy etish kengaytirilishi haqida xabar berilgandi.