O‘zbekistonda havo sovishi fonida sutkalik energiya iste‘moli bo‘yicha rekord o‘rnatildi, deb xabar berdi Energetika vazirligi.
Milliy dispetcherlik markazi ma‘lumotlariga ko‘ra, 24-yanvar kuni ishlatilgan elektr energiyasi hajmi 283 mln kVt/soatni tashkil etdi. Bu raqamda kichik quvvatli quyosh foto panellari tomonidan energiya ishlab chiqarilishi hisobga olinmagan.
Taqqoslash uchun, avvalgi mutlaq rekord 2025-yil 18-iyulda o‘rnatilgan va 272,6 mln kVt/soatni tashkil etgan. 2025-yildagi qishki maksimum 271,8 mln kVt/soat bo‘lgan.
Respublika elektr stansiyalari 25-yanvar kuni jami 264,2 mln kVt/soat yoki rejaga nisbatan 103% elektr energiyasi ishlab chiqardi. Shundan iste‘molchilarga 246,9 mln kVt/soat elektr energiyasi yetkazib berildi.
Tabiiy gaz iste‘moli hajmi 144,7 mln kub metrni tashkil etdi. Shundan 1,5 mln kub metrga yaqini jamoat transporti va maxsus texnikalar, jumladan, Farg‘ona vodiysi viloyatlarida 81,8 ming kub metrdan foydalanilgan.
Aholi va ijtimoiy soha obyektlari uchun rejalashtirilganidan 9% ko‘p — 2300 tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqariladi. Hududlarda suyultirilgan gaz zaxiralari 6,7 ming tonnaga yetdi.
25-yanvar kuni elektr tarmoqlarida beshta, gaz quvurlarida bitta avariya holati aniqlanib, bartaraf etildi. Elektr va gaz ta‘minoti tizimida yuzaga kelgan nosozliklarni bartaraf etish uchun 7,5 ming kishidan iborat 1479 ta maxsus brigada tunu kun ishlamoqda.
Sentabr oyida O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari rahbari Dadajon Isaqulov kompaniya joriy qish mavsumida energiyaga rekord darajadagi talabni kutayotganini ma‘lum qilgan edi. Sutkalik energiya iste‘moli 300 mln kVt/soatdan, maksimal quvvati esa 13 GVt dan oshishi mumkinligi prognoz qilingandi.
Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Mamatkarimov Toshkent shahrida isitish mavsumiga 53 ta podstansiya, 900 kilometrdan ortiq yuqori kuchlanishli kabellar va 19 ta podstansiyani tayyorlash zarurligini ta‘kidlagandi. Energetika vazirligi va tarmoq tashkilotlari tayyorgarlikni o‘z vaqtida yakunlash uchun 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazildi.
Spot, avvalroq, Jahon banki O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonga $143,2 mln ajratishi haqida yozgandi.
