O‘zbekistonda uzoq yillardan keyin birinchi marta tabiiy gaz qazib olish hajmi oshdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasining hisobotida ma‘lum qilingan.
2025-yilda tabiiy gaz ishlab chiqarish 42,3 mlrd kub metrni tashkil etdi — bu o‘tgan yilga nisbatan 2,4%ga yoki 1 mlrd kub metrga ko‘p. O‘tgan yilning dekabr oyida 3,4 mlrd kub metr gaz qazib olindi.
Agar 59,4 mlrd kub metr gaz qazib olingan 2019-yil bilan taqqoslansa, ishlab chiqarish deyarli 28,8% ga yoki 17,1 mlrd kub metrga kamaygan.
Biroq, Milliy statistika qo‘mitasi 2024-yil uchun ma‘lumotlarni qayta ko‘rib chiqib, ko‘rsatkichni 3,3 mlrd kub metr gazga qisqartirdi. Shu bilan birga, qo‘mita ushbu tuzatish sabablarini izohlamadi.
Avvalgi statistika ma’lumotlarida, 2024-yilning yanvar-dekabr oylarida 44,6 mlrd kub metr qazib olingani ma’lum qilingandi. Yangilangan ma‘lumotlarga ko‘ra esa, 2024-yilda ishlab chiqarish 4,5%ga emas, balki 11,5%ga yoki 5,4 mlrd kub metrga — 46,7 mlrddan 41,3 mlrd kub metrgacha kamaygan.
Agar avvalgi ko‘rsatkichni hisobga olinsa, 2025-yilda gaz qazib olish 5% dan ko‘proqqa yoki 2,3 mlrd kub metrga kamaygan.
Iqtisodchi Otabek Bakirov Telegram-kanalida 2024-yil statistikasidan chiqarib tashlangan 3,3 mlrd kubometr gaz qo‘shib yozilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi. Uning fikricha, bu import hajmini sun’iy ravishda kamaytirish yoki eksportni oshirib ko‘rsatish hisobiga yuz bergan bo‘lishi mumkin, farq esa statistik hisobotlarda ichki qazib olish sifatida aks ettirilgan.
Energetika vazirligi hamda 2025-yil dekabr oyida neft-gaz sohasi bo‘yicha vazir o‘rinbosari lavozimi joriy etilgan Iqtisodiyot va moliya vazirligi vaziyatga izoh bermadi.
Gaz qazib olish
2025-yil dekabr oyida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston 2026-yilda Qoraqalpog‘istondagi yangi konlar hisobiga tabiiy gaz qazib olishning pasayishini to‘xtatishni rejalashtirayotganini ma‘lum qildi.
O‘zbekiston-2030 yangilangan strategiyasi loyihasida aytilishicha, O‘zbekistonda tabiiy gaz qazib olish 2029-yilgacha kamayib boradi. 2030-yilga kelib gaz qazib olishni 38,7 mlrd kub metrga yetkazish rejalashtirilmoqda.
2023-yil sentabr oyida tasdiqlangan avvalgi strategiyada 62 mlrd kub metr gaz haqida so‘z yuritilgandi. Shunday qilib, ishlab chiqarishni ko‘paytirish maqsadi uchdan bir qismga kamaytirildi.
Kelgusi uch yil ichida gaz qazib olishning pasayish tendensiyasi davom etishi kutilmoqda: 2026-yilda — 37,9 mlrd kub metrgacha, 2027-yilda — 35,6 mlrd kub metrgacha (-6%), 2028-yilda — 33,4 mlrd kub metrgacha (-6,1%). Faqat 2029-yilda gaz qazib olish o‘tgan yilga nisbatan 23,3%ga — 41,2 mlrd kub metrgacha o‘sishi bashorat qilinmoqda. Biroq, keyingi yilning o‘zida qazib olish 6%dan ko‘proqqa kamayadi.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston 2025-yilda Rossiyadan $1,23 mlrdlik gaz sotib olgani, yetkazib berish 30% ga oshgani haqida yozgandi.
