26-yanvar, dushanba kuni O‘zbekistonda 5 grammlik oltin quyma narxi ilk bor 10 mln so‘mdan oshdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.
Bir gramm oltin juma kunidan buyon 2,48% dan ortiqqa qimmatlashib, hozirda 2 007 200 so‘mni tashkil etmoqda. 5 grammlik quyma esa 10,036 mln so‘mga baholanmoqda, bu oldingi narxga nisbatan 243 ming so‘mga yuqori.
Bundan ikki hafta oldin — 12-yanvar kuni 5 grammlik quyma narxi birinchi marta 9 mln so‘mlik psixologik chegaradan oshgandi. O‘zbekistonda qimmatbaho metall yanvar oyi boshidan buyon 15,9% ga qimmatlashdi.
Quymalarning sotuv va qayta sotish narxlari (26-yanvar holatiga) batafsil quyidagi jadvalda keltirilgan:
| Og‘irligi | Sotish narxi | Qaytarib sotib olish narxi | |
| qadog‘i but holatda | qadog‘i buzilgan yoki texnik talablarga mos kelmaydigan holatda (texnik ekspertizadan so‘ng) | ||
| 5 gramm | 10 036 000 so‘m | 9 554 000 so‘m | 9 457 000 so‘m |
| 10 gramm | 20 073 000 so‘m | 19 108 000 so‘m | 18 915 000 so‘m |
| 20 gramm | 40 146 000 so‘m | 38 216 000 so‘m | 37 830 000 so‘m |
| 50 gramm | 100 364 000 so‘m | 95 539 000 so‘m | 94 574 000 so‘m |
| 100 gramm | 200 728 000 so‘m | 191 078 000 so‘m | 189 148 000 so‘m |
Oltinning jahon bozoridagi kotirovkalari bir troya unsiyasi uchun $5072 ga (1 gramm uchun — $163) yetdi. Bu holat saqlanib qolayotgan geosiyosiy keskinlik fonida yuz bermoqda. Shuningdek, kumushning bir troya unsiyasi narxi ilk bor $100 dan oshib, bir kun ichida 4% dan ko‘proq qimmatlashdi.
ABC’ning qayd etishicha, qimmatbaho metallarga bo‘lgan talabning oshishiga geosiyosiy beqarorlik, AQSHda asosiy foiz stavkasining pasaytirilishi hamda markaziy banklar tomonidan amalga oshirilayotgan xaridlar ta’sir ko‘rsatmoqda. Xususan, Xitoy Xalq banki so‘nggi 14 oy davomida oltin zaxiralarini oshirib kelmoqda.
Metals Focus direktori Filipp Nyumaning aytishicha, joriy prognozlarga ko‘ra, joriy yilda oltin narxi bir troya unsiyasi uchun taxminan $5500 gacha ko‘tariladi. Uning ta’kidlashicha, investorlar foydani qayd etgan paytlarda qisqa muddatli pasayishlar kuzatilishi ehtimoldan xoli emas, biroq har bir bunday korreksiya kuchli talab hisobiga tezda qoplanadi.
Vashingtondagi Brukings instituti katta ilmiy xodimi Robin Bruks qimmatbaho metallar bozoridagi hozirgi o‘sishni “hayajonli va qo‘rqinchli” deb atadi. Tahlilchi buni global qarz inqirozi boshlanayotganining belgisi sifatida baholab, dollar kursining zaiflashuvi oltin narxlarining yanada tezroq oshishiga olib kelishi mumkinligini qayd etdi.
Avvalroq Jahon banki Markaziy Osiyoda elektr energiyasi bozorini yaratish uchun $143 mln ajratgani haqida xabar berilgandi.
