2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda kuzatilmaydigan iqtisodiyot hajmi qariyb $40 mlrdga yetdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi hisobotida keltirilgan.
Yanvar-dekabr oylarida mamlakatning yalpi ichki mahsuloti hajmi 1,85 kvadrillion so‘m ($147 mlrd) ni, real o‘sish sur’ati esa 7,7% ni tashkil etdi. Natijada o‘sish sur’ati 2021-yildan beri eng yuqori darajaga yetdi.
Kuzatilmaydigan iqtisodiyotning yalpi qo‘shilgan qiymati hajmi 498,04 trln so‘m (o‘rtacha yillik almashuv kursi bo‘yicha — $39,62 mlrd) ga yetdi. Uning YIMdagi ulushi 2024-yilning mos davriga nisbatan sezilarli darajada pasaydi — 34,8% dan 26,9% gacha.
Kuzatilmaydigan iqtisodiyot norasmiy va yashirin iqtisodiyotga bo‘linadi. Norasmiy iqtisodiyot — uy xo‘jaliklari va jismoniy shaxslar faoliyatining yalpi qo‘shilgan qiymati hajmi 351,04 trln so‘mni yoki YIMning 19% ini tashkil etdi. Yashirin iqtisodiyot esa 147 trln so‘m (7,9%) dan ortiqqa baholanmoqda. Norasmiy va yashirin sektor ulushi oldingi yilga nisbatan pasaydi.
Uy xo‘jaliklari va jismoniy shaxslar faoliyati hamda yashirin iqtisodiyot hajmining tarmoqlar bo‘yicha tarkibida qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi yetakchilik qildi — jami hajmning 62,6%i.
Undan keyingi o‘rinlarda xizmatlar sohasi (26,9%), qurilish (23,5%) va turibdi. Shuningdek, sanoat tarkibida kuzatilmaydigan iqtisodiyot hajmi 9% ni tashkil etdi.
2024-yildagi YIM qayta hisoblanganda $121 mlrdga yetgandi. Qayta hisoblash natijasida YIM 80,9 trln so‘m yoki 5,6% ga ortdi. O‘sish asosan davlat budjeti hisobidan ta’minlangan.
Avvalroq Markaziy bank va Raqobat qo‘mitasi inflyatsiyani pasaytirish ustida birgalikda ishlashi haqida xabar berilgandi.
