Avvalroq Spot joriy yilgi davlat dasturi loyihasida O‘zbekistonda kichik AES qurilishi 2026-yil martidan dekabrga ko‘chirilishi nazarda tutilgani haqida yozgandi. Ushbu holat bo‘yicha O‘zatom agentligi izoh berdi.
Taʼkidlanishicha, avval e‘lon qilingan muddatlar o‘z kuchida qoladi va hech qanday muddatni ko‘chirish haqida ushbu hujjatda ma‘lumot ko‘zda tutilmagan.
Qayd etilishicha, loyihada ko‘rsatilgan sana tayyorgarlik va litsenziyalashning barcha ko‘p sonli majburiy bosqichlari aynan shu muddatgacha yakunlanishini nazarda tutuvchi konservativ ssenariyni aks ettiradi.
O‘zatom agentligi milliy qonunchilik talablari hamda yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlik bo‘yicha xalqaro standartlarga “qat‘iy rioya qilgan holda barcha belgilangan tartib-taomillardan izchil va puxta o‘tmoqda”.
“Birinchi beton quyish loyihasini amalga oshirishda muhim voqea bo‘lib, u keng yoritib boriladi. Shu bilan birga, biz uhbu faoliyat qay darajada javobgarlik talab qilishini anglab yetamiz va ushbu bosqichga faqat vakolatli organlardan zarur ruxsatnomalar va roziliklarning to‘liq to‘plamini olganimizdan keyingina kirishamiz”, deyiladi O‘zatom izohida.
Agentlik loyihani maqbul muddatlarda amalga oshirishini va barcha yo‘nalishlar bo‘yicha jadal ishlarni davom ettirishini qo‘shimcha qildi.
Kichik AES
2025-yil sentyabr oyida O‘zatom va “Rosatom” O‘zbekistondagi AES loyihasining ikkita katta quvvatli energiya bloki va ikkita kichik quvvatli atom stansiyasi blokidan iborat yangi konfiguratsiyasi bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Qo‘shimcha bitimga ko‘ra, loyiha tarkibiga 3+ avlod VVER-1000 asosidagi ikkita katta quvvatli energoblok va har birining quvvati 55 MVt bo‘lgan RITM-200N reaktorli ikkita energoblok kiradi. Shunday qilib, integratsiyalashgan AESning umumiy quvvati 2,1 GVt dan oshadi: katta stansiya — 2 GVt, kichik — 110 MVt.
Oktabr oyida O‘zbekistonda kichik atom elektr stansiyasini qurishning asosiy bosqichi boshlandi. Jizzax viloyatidagi qurilish maydonida RITM-200N reaktori o‘rnatiladigan energoblok uchun kotlovan qazish ishlari yo‘lga qo‘yildi.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston ko‘chma atom stansiyalariga qiziqish bildirayotgani haqida yozgandi.
