Yangi bank omonatchilariga kompensatsiya to‘lash bo‘yicha agent-bank sifatida Biznesni rivojlantirish banki belgilandi. Bu haqda Omonatlarni kafolatlash agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Kompensatsiya to‘lovlari omonatchilar reyestri asosida o‘rnatilgan tartibda identifikatsiyadan o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Ularni olish uchun omonatchilardan hech qanday qo‘shimcha to‘lovlar talab etilmaydi.
Jismoniy shaxs bo‘lgan omonatchilar to‘lovlarni BRB mobil ilovasi orqali onlayn tarzda boshqa bank kartasiga o‘tkazib olishi mumkin. Shu bilan birga, BRB’ning bank xizmatlari markazlariga murojaat qilgan holda naqd pul shaklida olish imkoni mavjud.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslar BRB’ning istalgan bank xizmatlari markazlariga murojaat qilishlari mumkin. Ularga kompensatsiya to‘lovlari BRBda hisobvaraq ochish orqali yoki boshqa bankdagi hisobvarag‘iga pul o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Shuningdek, omonatchilar o‘z xohishiga ko‘ra mablag‘larini BRB’ning omonat mahsulotlariga ham joylashtirishlari mumkin. YTT va yuridik shaxslar uchun qanday hujjatlar kerakligi OKA Telegram-kanalida keltirilgan.
Agentlik kompensatsiya to‘lovlarini boshlash sanasi haqidagi xabar rasmiy sahifalar orqali qo‘shimcha e’lon qilinishini, bunda taxminiy sana 28-yanvar ekanligini qayd etdi. Ayni vaqtda barcha jarayonlar qonunchilik talablariga muvofiq, reja asosida va belgilangan muddatlarda amalga oshirilmoqda.
Kompensatsiya to‘lovlari yuzasidan Omonatlarni kafolatlash agentligining 555−500−500 yoki Biznesni rivojlantirish bankining 1254 raqamlariga murojaat qilish mumkin.
15-yanvar kuni O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvining tegishli qarori bilan Yangi Bank’ning bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olindi. Natijada mamlakatdagi banklar soni 35 tadan 34 taga qisqardi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, jami mavjud 32 526 nafar omonatchilarning 32 153 tasiga kafolatlangan omonat summalari to‘liq qaytarib beriladi. 373 nafar fuqaro bo‘yicha esa kafolatlangan omonat mablag‘laridan qolgan qismi tugatish komissiyasining qaroriga ko‘ra qonunchilikda belgilangan tartibda qaytariladi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning 13-yanvar holatiga Yangi bank’ning jami aktivlari 577,2 mlrd so‘mni tashkil etadi. Kredit portfeli 190 mlrd so‘mga baholanmoqda. Bankning taqsimlanmagan zarari 171 mlrd so‘mga yetdi, shundan 136 mlrd so‘mi 2025-yil yakuniga, yana 1 mlrd so‘mi 2026-yil boshiga to‘g‘ri keldi.
Avvalroq Spot onlayn mikroqarz berish tartibi o‘zgargani, jumladan, endi bir kunda faqat 1 ta bankdan kredit olish mumkin bo‘lishi haqida yozgandi.
