Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar, kiberjinoyatlar va yashirin iqtisodiyot bo‘yicha ta‘sirchan choralarni belgilash yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Davlat rahbari hozirda O‘zbekneftegaz AJ va Davlat aktivlarini boshqarish agentligida katta taftish ketayotgani, milliard-milliard so‘mlik talon-torojliklar aniqlanganini ma‘lum qildi.

Misol uchun, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining mansabdor shaxslari bozor qiymati kamida 250 mlrd so‘mlik yer uchastkasini yopiq auksionga chiqarib, 120 mlrd so‘mga sotib yuborgan. Shu bois, kecha agentlik direktori Akmal Ortiqov ishdan olindi.

“Haqli savol tug‘iladi. Ushbu idoralarda yillar davomida korrupsiya avj olgan bo‘lsa, xavfsizlik masalalari uchun mas‘ullar qayerga qaragan?”, — dedi prezident.

DXX raisiga O‘zbekneftegaz AJ va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi uchun mas‘ul xodimlarining javobgarligini ko‘rib chiqish topshirildi.

Komplayens xizmati, Davlat xavfsizlik xizmatiga Davlat aktivlari agentligining mansabdorlariga qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tergov guruhiga Xavfsizlik xizmatining iqtisodiy masalalarga mas‘ul tuzilmalaridan ham mutaxassislarni jalb qilish topshirildi.

“Sotilgan davlat mulklari bo‘yicha har bir holatni sinchkovlik bilan tekshirib, barcha korrupsiyaviy sxemalarni fosh qilsin va jazo muqarrarligini ta‘minlasin”, — dedi davlat rahbari.

Akmal Ortiqov kim?

Akmal Ortiqov 1980-yilda tug‘ilgan. U 2001−2013-yillar davomida Moliya vazirligida, 2013−2017-yillarda esa Namangan va Farg‘ona viloyatlari moliya boshqarmasi boshlig‘i, Namangan viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat olib borgan.

U 2017−2020-yillari Iqtisodiyot vazirining o‘rinbosari bo‘lgan. Shuningdek, Farg‘ona viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borgan.

Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasi Kotibiyat mudiri, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Ortiqov 2020-yildan buyon Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori sifatida faoliyat olib borgan.