O‘zbekneftgaz boshqaruvi raisi lavozimida ishlagan Bahodirjon Sidiqov hibsga olingan. Bu haqda bir qator OAV va Telegram-kanallar (Podrobno.uz, Kun.uz, Pressuzb) anonim manbalarga tayanib xabar bermoqda. Ma‘lum qilinishicha, ish bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmati tergov olib bormoqda.
Podrobno.uz ma‘lumotlariga ko‘ra, Bahodirjon Sidiqovdan tashqari O‘zbekneftgaz rahbariyatidan yana bir necha amaldor tergov qilinmoqda. Ularga budjet mablag‘larini juda katta miqdorda o‘zlashtirish va neft-gaz tarmog‘i aktivlarini boshqarishda o‘z mansab vakolatlarini suiiste‘mol qilish ayblovi qo‘yilmoqda.
Bugun Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda O‘zbekneftgazda katta taftish ketayotgani, milliard so‘mlik talon-torojliklar aniqlanganini ma‘lum qilgandi.
“Haqli savol tug‘iladi. Ushbu idoralarda yillar davomida korrupsiya avj olgan bo‘lsa, xavfsizlik masalalari uchun mas‘ullar qayerga qaragan?”, — dedi prezident.
DXX raisiga O‘zbekneftgaz AJ va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi uchun mas‘ul xodimlarining javobgarligini ko‘rib chiqish topshirildi.
2025-yil 17-dekabr kuni O‘zbekneftgazni to‘rt yilga yaqin boshqargan Bahodirjon Sidiqov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod etilgandi.

Uning o‘rniga O‘zbekgidroenergo boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov davlat kompaniyasi rahbari etib tayinlangan edi. Biroq oradan bir oydan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, Sidiqovning boshqa lavozimga tayinlangani haqida jamoatchilikka ma‘lumot berilmadi.
Ushbu o‘zgarishdan bir kun avval esa Alisher Sultonov prezidentning energetika xavfsizligi masalalari bo‘yicha vakili lavozimidan ozod etilgandi.
Bahodirjon Sidiqov kim?
Bahodirjon Baxromovich Sidiqov neft-gaz sohasida 20 yildan ortiq tajribaga ega. U 1999-yilda O‘zLITIneftgaz'da texnik sifatida ish boshlagan, u yerda bo‘lim boshlig‘i lavozimigacha ko‘tarilgan, keyinchalik 2006−2007-yillarda O‘zog‘irneftgazkimyoloyiha institutida loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslarini baholash bo‘limiga rahbarlik qilgan.
So‘ngra, 2007−2009-yillarda Iqtisodiyot vazirligida yoqilg‘i-energetika majmuasini rivojlantirish uchun mas‘ul bo‘lgan. Keyinchalik O‘zbekneftgaz'ning sho‘ba korxonasi — Neftgazinvest’ga o‘tgan, 2010−2016-yillarda esa Uzbekistan GTL kompaniyasida (korporativ masalalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari va direktori, moliyaviy direktor sifatida) faoliyat yuritgan.
2016-yilda Sidiqov Neftgazinvest’ga qaytib, shu bilan birga O‘zbekneftgaz'da prognozlash, resurslar va investitsiya dasturlari boshqarmasiga rahbarlik qilgan. Keyingi yili u O‘zbekneftgaz'ning istiqbolli rivojlanish va investitsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimini egallagan, 2018-yilda esa Vazirlar Mahkamasining geologiya, yoqilg‘i-energetika, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari axborot-tahlil departamentiga rahbarlik qilgan.
2019−2020-yillarda Sidiqov O‘zbekneftgaz boshqaruvi raisi lavozimida ishlagan. 2020−2021 yillarda Energetika vazirligi qoshidagi Neft-gaz tarmog‘ini isloh qilish bo‘yicha loyiha ofisi bosh mutaxassisi, direktori o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan. 2021−2023 yillarda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining Yoshlik I konini o‘zlashtirish loyiha ofisi direktori bo‘lgan.
2023-yil mart oyida Sidiqov Hisob palatasiga qaytgan Mehriddin Abdullayev o‘rniga O‘zbekneftgaz rahbari vazifasini bajaruvchi sifatida yana ishga qaytdi. U o‘sha yilning iyul oyida rahbar lavozimiga tasdiqlanadi.
Spot, avvalroq, Toshkentda soliq idoralari rahbarlari ishdan olingani, ulardan biriga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida yozgandi.
