Shavkat Mirziyoyev raisligida 27-yanvar kuni Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha namunaviy amaliyotni yaratish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdi.
Yig‘ilishda prezident bir qancha yuqori lavozimli amaldorlar ishdan olinganini, korrupsiya holatlari va milliard so‘mlik budjet mablag‘larini talon-toroj qilish holatlari aniqlanganini ma’lum qildi. Spot lavozimidan ozod etilgan barcha amaldorlar haqidagi ma’lumotlarni bir joyga to‘pladi.
Mubin Mirzayev
Mubin Mirzayev. Foto: Soliq qo‘mitasi
Prezident Soliq qo‘mitasida QQSdan sun’iy ortiqcha to‘lov hosil qilish orqali uni budjetdan noqonuniy qoplash holatlari ko‘payganini ta’kidladi. O‘tgan yilda QQSni noqonuniy qaytarish bo‘yicha 20 nafar soliq xodimiga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ushbu yo‘nalishga javobgar bo‘lgan, yetti yildan beri ishlab kelayotgan qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayevning loqaydligi va mas’uliyatsizligi ko‘rsatib o‘tildi. Yig‘ilishda Mubin Mirzayev ishdan olindi.
Iste’fodan bir necha soat oldin Soliq qo‘mitasi o‘zining Telegram-kanalida Mubin Mirzayev Parijdagi Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) bosh qarorgohida bo‘lib o‘tgan QQS bo‘yicha Global forumning oltinchi yig‘ilishida ishtirok etgani haqida xabar bergandi. Shundan so‘ng xabar o‘chirib tashlanib, post Mirzayev fotosuratisiz qayta e’lon qilingan.
Akmalxon Ortiqov

Akmalxon Ortiqov. Foto: Senat
Davlat rahbari hozirda O‘zbekneftegaz va Davlat aktivlarini boshqarish agentligida katta taftish ketayotgani, milliard-milliard so‘mlik talon-torojliklar aniqlanganini ma‘lum qildi.
Misol uchun, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining mansabdor shaxslari bozor qiymati kamida 250 mlrd so‘mlik yer uchastkasini yopiq auksionga chiqarib, 120 mlrd so‘mga sotib yuborgan. Shu bois, kecha agentlik direktori Akmalxon Ortiqov ishdan olindi.
“Haqli savol tug‘iladi. Ushbu idoralarda yillar davomida korrupsiya avj olgan bo‘lsa, xavfsizlik masalalari uchun mas‘ullar qayerga qaragan?”, — dedi prezident.
DXX raisiga O‘zbekneftegaz va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi uchun mas‘ul xodimlarining javobgarligini ko‘rib chiqish topshirildi.
Komplayens xizmati, Davlat xavfsizlik xizmatiga Davlat aktivlari agentligining mansabdorlariga qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tergov guruhiga Xavfsizlik xizmatining iqtisodiy masalalarga mas‘ul tuzilmalaridan ham mutaxassislarni jalb qilish topshirildi.
“Sotilgan davlat mulklari bo‘yicha har bir holatni sinchkovlik bilan tekshirib, barcha korrupsiyaviy sxemalarni fosh qilsin va jazo muqarrarligini ta‘minlasin”, — dedi davlat rahbari.
Davaktiv agentligi rahbari Akmalxon Ortiqov iste’foga chiqishidan bir kun oldin sherik, kapital jalb qilish yo‘nalishining global rahbari va BlackRock guruhiga kiruvchi Global Infrastructure Partners (GIP) kompaniyasi ijroiya qo‘mitasi a’zosi Erik Varvel bilan muzokaralarda ishtirok etgandi.
Kun.uz nashrining yozishicha, Ortiqov qamoqqa olingan. Holat yuzasidan Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan surishtiruv olib borilayotgani aytilmoqda.
Soliq qo‘mitasi

(chapdan) Dilshod Usmanov, Yunusjon Nasimdjanov va Xojiakbar Mullajonov. Foto: Ijtimoiy tarmoqlar
O‘tgan hafta Mirzo Ulug‘bek tumani soliq inspeksiyasining boshlig‘i Dilshod Usmanov ishdan olinib, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. U inspeksiya binosining bir qismini shaxsiy maqsadda ijaraga berib, 315 mln so‘mni o‘zlashtirgan, ish faoliyatida guruhbozlikka va maishatbozlikka berilgan.
Shayxontohur tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i Xojiakbar Mullajonov va Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshlig‘i Yunusjon Nasimdjanovni ishdan olish, faoliyatini o‘rganib, qonun ustuvorligini ta’minlash topshirildi.
Davlat rahbari Shayxontohur tumani soliq inspeksiyasi tomonidan Chorsu bozorida to‘lov intizomi joyiga qo‘yilmaganini ko‘rsatib o‘tdi. Malika savdo kompleksida esa ahvol bundan ham ayanchli ekani ta’kidlandi.
Kompleksda 1,5 mingga yaqin tadbirkor faoliyat yuritadi, biroq ularning faqat to‘rtdan biri ro‘yxatdan o‘tgan, 25%i oyiga 1 mln so‘m ham soliq to‘lamaydi. Dekabr oyida esa plastik kartalar orqali yechib olingan 600 mlrd so‘mlik savdo tushumi yashirilgan.
Toshkent shahar soliq boshqarmasi budjet rejasini yaxshi ishlayotgan tadbirkorlarga ortiqcha to‘lov qildirish hisobidan bajarmoqda. Jumladan, 46,4 ming korxonadan 876 mlrd so‘m ortiqcha to‘lov undirilgan.
22-yanvar kuni Soliq qo‘mitasida o‘tkazilgan kengaytirilgan hay’at yig‘ilishida korrupsiyaga yo‘l qo‘ygan va xizmat vazifalarini yetarli bajarmagan xodimlar faoliyati tanqid qilindi. Natijada 53 nafar mas’ul xodimga intizomiy choralar qo‘llanildi, 7 nafar hududiy soliq inspeksiya rahbarlari, 1 nafar soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari hamda 1 nafar soliq boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i vazifasidan ozod etildi.
IIV

Bekmurod Abdullayev (chapda) va Rustam Tursunov. Foto: Ijtimoiy tarmoqlar
Shavkat Mirziyoyev Ichki ishlar vazirining axborot texnologiyalariga mas’ul o‘rinbosari Zufar Qurbonov tayinlaganiga ikki yildan oshgani, lekin tizimni raqamlashtirish bo‘yicha hali sezilarli natija ko‘rinmayotgani tanqid qildi.
Shu va boshqa tizimli muammo hamda kamchiliklar birinchi navbatda rahbarlarning aybi ekani ta’kidlandi. Shu bois, IIV JXD huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati boshlig‘i polkovnik Xotam Qodirov va uning yuqori turuvchi rahbari — ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i general-mayor Bekmurod Abdullayev lavozimidan ozod etilgani ma’lum qilindi.
Ichki ishlar vazirligi tizimida davlat xaridlarida 186 mlrd so‘m budjet mablag‘i o‘zlashtirilgani aniqlanib, vazir o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev va Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i Rustam Tursunovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Umuman, davlat idoralari va korxonalarida xavfsizlik uchun mas‘ullar faoliyatini ham tanqidiy qayta ko‘rib chiqish vaqti kelgani qayd etildi. “Bizga yuqori kasbiy kompetensiyalarga ega, talabchan yosh rahbarlar korpusi kerak”, — dedi prezident.
2025-yilning noyabrida prezident qarori bilan Bekmurod Abdullayev va Rustam Tursunov egallab turgan lavozimlaridan ozod etilgandi. Har ikkalasi ham egallab turgan lavozimlarida 2021-yildan buyon ishlab kelgan.
Shu hafta boshida tarmoqlarda Abdullayev va Tursunov jinoiy ish bo‘yicha qo‘lga olingani haqida xabarlar e’lon qilindi. Ular ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.
Bahodirjon Sidiqov

Bahodirjon Sidiqov. Foto: O‘zbekneftgaz
O‘zbekneftgaz boshqaruvi raisi lavozimida ishlagan Bahodirjon Sidiqov hibsga olingan. Ma‘lum qilinishicha, ish bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmati tergov olib bormoqda.
Podrobno.uz ma‘lumotlariga ko‘ra, Bahodirjon Sidiqovdan tashqari O‘zbekneftgaz rahbariyatidan yana bir necha amaldor tergov qilinmoqda. Ularga budjet mablag‘larini juda katta miqdorda o‘zlashtirish va neft-gaz tarmog‘i aktivlarini boshqarishda o‘z mansab vakolatlarini suiiste‘mol qilish ayblovi qo‘yilmoqda.
Bugun Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda O‘zbekneftgazda katta taftish ketayotgani, milliard so‘mlik talon-torojliklar aniqlanganini ma‘lum qilgandi.
2025-yil 17-dekabr kuni O‘zbekneftgazni to‘rt yilga yaqin boshqargan Bahodirjon Sidiqov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod etilgandi.
Spot, avvalroq, Toshkentda soliq idoralari rahbarlari ishdan olingani, ulardan biriga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida yozgandi.

