27-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar, kiberjinoyatlar va yashirin iqtisodiyot bo‘yicha ta’sirchan choralarni belgilash yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.
Unda uch yil oldin Ichki ishlar vazirligida tashkil qilingan kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining ishi hali ko‘rinmayotgani qayd etildi.
Masalan, o‘tgan yili poytaxtda kiberjinoyatlar soni 16 mingdan ortib, fuqarolar qariyb 2 trln so‘m moddiy zarar ko‘rgan, ularni fosh etish esa 8% ga yetmaydi.
Jinoyatchilar bank tizimidagi bo‘shliqdan, aholining ishonuvchanligidan va texnologik bilimi yetishmasligidan foydalanmoqda.
“Ichki ishlar va prokuraturaga bu yo‘nalishda barcha masalalarni hal qilib berganman. Qani natija? Bank va to‘lov tashkilotlarida himoya tizimlarini joriy etish qachon yakunlanadi?” — deya davlat rahbari mutasaddilar oldiga qat’iy savol qo‘ydi.
Dekabr oyida IIV vazir o‘rinbosari — Tergov departamenti boshlig‘i Ramazon Ashrapov 2025-yilda kiberjinoyatlar oqibatida o‘zbekistonliklarning 1,9 trln so‘m mablag‘i o‘g‘irlanganini ma’lum qildi. So‘nggi besh yilda kiberjinoyatlar soni 11 barobarga oshib, 62 mingdan ortgan. Jami yetkazilgan zarar 3,73 trln so‘mni tashkil etib, uning yarmi o‘tgan yilning 11 oyiga to‘g‘ri keladi.
Jinoyatlarning oldini olish doirasida 483 ta fishing dasturi bloklangan hamda kriptoaktivlar sohasidagi qonunbuzilishlar orqali 76 mlrd so‘m mablag‘ chiqib ketishining oldi olingan. 2025-yilning olti oyida O‘zbekistonda sodir etilgan jinoyatlarning 42%i kiberjinoyatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Adliya vazirligi va Markaziy bank tomonidan tasdiqlangan nizom bilan bank va to‘lov tashkilotlariga firibgarlikning oldini olish bo‘yicha yangi talablar yuklatildi. Ular foydalanuvchilarni firibgarlik xavflari haqida xabardor qilib, frod sxemalari bo‘yicha tavsiyalar berib boradi. Bank kartalarida aloqa raqami joylashtiriladi.
Shu bilan birga, tashkilotlar shubhali harakatlarni aniqlash va oldini olish uchun antifrod tizimlarini joriy etishlari shart. Moliyaviy ilovalarga qisqa vaqt oralig‘ida noodatiy darajada ko‘p so‘rovlar kelib tushsa cheklovlar joriy etilishi, vaqtinchalik bloklash yoki boshqa himoya choralari qo‘llanilishi lozim.
Avvalroq Spot onlayn mikroqarz berish tartibi o‘zgargani, jumladan, endi bir kunda faqat 1 ta bankdan kredit olish mumkin bo‘lishi haqida yozgandi.
