Fransiya Milliy majlisi 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi, deb yozadi Franceinfo.

Ovoz berish jarayoni 27-yanvarga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tdi, tashabbus uchun 116 nafar deputat ovoz berdi.

Qayd etilishicha, prezident Emmanuel Makron hukumatni qonunni qabul qilishni tezlashtirishga chaqirdi.

Uning ta’kidlashicha, taqiq 2026-yil 1-sentabrgacha — yangi o‘quv yili boshlangunga qadar kuchga kiradi.

“Chunki bolalarimizning miyasi sotilmaydi. Na Amerika platformalariga, na Xitoy telekanallariga,” — deb yozdi Makron X ijtimoiy tarmog‘ida.

Qonun loyihasi ikki qismdan tashkil topgan. Uning ikkinchi qismi o‘rta maktablarda mobil telefonlardan foydalanishni taqiqlashni ko‘zda tutadi.

Fransiya prezidenti birinchi marta 2025-yil iyun oyida bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini cheklash rejalarini e’lon qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday platformalar yoshlarning ruhiy salomatligi uchun xavflidir, ayniqsa bosim va zo‘ravonlik sahnalari bo‘lgan kontentga ta’sirchan.

Avvalroq Buyuk Britaniya bolalar va o‘smirlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlashi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Qayd etilishicha, hukumat tomonidan bolalarni internetdan himoya qilish maqsadida yangi cheklov chorasi ko‘rib chiqilmoqda.

O‘tgan yili Avstraliya dunyoda birinchi bo‘lib 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqladi.

Yevropa parlamenti esa ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uchun yosh cheklovlarini joriy etishni talab qilmoqda. Daniya 15 yoshga to‘lmagan shaxslar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqchi.

Shuningdek, TikTok yaqin haftalar ichida butun Yevropa bo‘ylab yoshni aniqlashning yangi texnologiyasini joriy etishni boshlashi haqida xabar berilgandi.

Tekshiruv 13 yoshdan kichik bolalarga tegishli hisoblarni aniqroq aniqlash va o‘chirishni talab qilayotgan nazorat organlarining ta’siri bilan bog‘liq.

U profil ma’lumotlari, joylashtirilgan videolar va foydalanuvchi xatti-harakatlarini tahlil qilib, hisobning voyaga yetmagan shaxsga tegishli ekanligini bashorat qiladi.