27-yanvar, seshanba kuni O‘zbekistonda oltin quymalari narxi ketma-ket beshinchi savdo kunida maksimal darajada yangilandi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.
Bir gramm oltin bir kunda 1,5% ga qimmatlashib, hozirda 2 037 320 so‘mni tashkil etmoqda. Og‘irligi 5 gramm bo‘lgan quyma narxi 10,187 mln so‘mga baholanmoqda — bir kun oldingi narxga nisbatan 151 ming so‘mga qimmatroq.
Kuni kecha qimmatbaho metall narxi birinchi marta bir gramm uchun 2 mln so‘m yoki eng kichik o‘lchamdagi quyma uchun 10 mln so‘m darajasiga yetdi. O‘tgan ikki hafta ichida u 1 mln so‘mga, joriy yil boshidan esa 17,6% ga oshdi.
Quymalarning sotuv va qayta sotish narxlari batafsil quyidagi jadvalda keltirilgan:
| Og‘irligi | Sotish narxi | Qaytarib sotib olish narxi | |
| qadog‘i but holatda | qadog‘i buzilgan yoki texnik talablarga mos kelmaydigan holatda (texnik ekspertizadan so‘ng) | ||
| 5 gramm | 10 187 000 so‘m | 9 791 000 so‘m | 9 692 000 so‘m |
| 10 gramm | 20 373 000 so‘m | 19 582 000 so‘m | 19 384 000 so‘m |
| 20 gramm | 40 746 000 so‘m | 39 164 000 so‘m | 38 768 000 so‘m |
| 50 gramm | 101 866 000 so‘m | 97 910 000 so‘m | 96 921 000 so‘m |
| 100 gramm | 203 732 000 so‘m | 195 820 000 so‘m | 193 842 000 so‘m |
Oltinning jahon narxlari hozirda troya unsiyasi uchun $5064 ni (taxminan bir gramm uchun $162,8) tashkil etmoqda. Kecha ular $5110 ga yetib, eng yuqori nuqtaga ko‘tarilgan bo‘lsa-da, keyinchalik $5010 gacha tushib, narx tuzatishi yuz berdi.
Bundan tashqari, kumushning troya unsiyasi narxi bir kunda 4,4% ga oshib, $107,8 ni tashkil etdi va 26-yanvar kuni kechqurun Toshkent vaqti bilan $117 ga yetdi. Geosiyosiy vaziyatning keskinlashuvi va AQSH bilan boshqa davlatlar o‘rtasidagi yangi savdo mojarolari xavfi tufayli qimmatbaho metallarga bo‘lgan talab yuqoriligicha qolmoqda.
Donald Tramp savdo kelishuviga erishishdagi qiyinchiliklar sababli Janubiy Koreyadan import qilinadigan avtomobillar, yog‘och va dori-darmonlarga bojxona to‘lovlari 25% gacha oshirilishini ma’lum qildi. Bundan oldin u Bosh vazir Mark Karnining Xitoyga tashrifi ortidan Kanadaga ham bojxona to‘lovlari joriy qilish bilan tahdid solgan edi.
