Telekommunikatsiyalar xizmatlarini ko‘rsatish qoidalarining yangi tahriri davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Ushbu hujjatda telekommunikatsiyalar xizmatlarini ko‘rsatishda fuqarolarga qulayliklar yaratishga qaratilgan quyidagi bir qator yangiliklar belgilandi.

Jumladan, mobil aloqa abonentlari shaxsiy hisobida mablag‘ xizmat ko‘rsatishni davom ettirish uchun yetarli bo‘lmaganda mobil aloqa operatori va abonent o‘rtasida tuzilgan shartnomani bekor qilish (mavjud bo‘lmagan raqam holatiga o‘tkazish) muddati 2 oydan 1 yilga uzaytiriladi.

Abonentlar amaldagi tarif rejasini istalgan boshqa tarif rejasi bilan bepul almashtirishi mumkin bo‘ladi (bundan muayyan guruh yoki maʼlum cheklangan hudud uchun ishlab chiqilgan alohida tarif rejalariga o‘tish mustasno).

Amaldagi tariflar shartlari o‘zgarganda, abonentlar bu haqda kamida 15 kun oldin OAV, rasmiy veb-sayt yoki SMS xabarnomalar orqali majburiy tartibda xabardor qilinadi.

Aholiga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida, xizmat ko‘rsatish punktiga kelish imkoniyati bo‘lmagan fuqarolar uchun yashash joyiga borish, olis va yetib borish qiyin bo‘lgan aholi punktlarida sayyor mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

2025-yilning avgustida chiroyli mobil raqam auksionda 850 mln so‘mga sotilgandi.

Spot, avvalroq, Universal Mobile Systems mobil aloqa operatorini (Mobiuz) sotib olishda 3 nafar talabgor raqobatlashishi haqida yozgandi.