Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar, kiberjinoyatlar va yashirin iqtisodiyot bo‘yicha ta’sirchan choralarni belgilash yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Davlat rahbari Shayxontohur tumani soliq inspeksiyasi tomonidan Chorsu bozorida to‘lov intizomi joyiga qo‘yilmagani, Malika savdo kompleksida esa ahvol bundan ham ayanchli ekanini ko‘rsatib o‘tdi.
Kompleksda 1,5 mingga yaqin tadbirkor faoliyat yuritsa-da, ularning faqat to‘rtdan biri ro‘yxatdan o‘tgan, 25%i oyiga 1 mln so‘m ham soliq to‘lamayotgani qayd etildi. Shuningdek, dekabr oyida plastik kartalar orqali yechib olingan 600 mlrd so‘mlik savdo tushumi yashirilgan.
Toshkent shahar soliq boshqarmasi budjet rejasini yaxshi ishlayotgan tadbirkorlarga ortiqcha to‘lov qildirish hisobidan bajarmoqda. Jumladan, 46,4 ming korxonadan 876 mlrd so‘m ortiqcha to‘lov undirilgan.
Soliq qo‘mitasida QQSdan sun’iy ortiqcha to‘lov hosil qilish orqali uni budjetdan noqonuniy qoplash holatlari ko‘paygan. O‘tgan yilda QQSni noqonuniy qaytarish bo‘yicha 20 nafar soliq xodimiga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ushbu yo‘nalishga javobgar bo‘lgan, yetti yildan beri ishlab kelayotgan qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayevning loqaydligi va mas’uliyatsizligi ko‘rsatib o‘tildi. Yig‘ilishda Mubin Mirzayev ishdan olindi.
Mubin Mirzayev kim?
Mubin Muxidinovich Mirzayev 1969-yil Buxoro viloyatida tug‘ilgan. 1993-yili Toshkent davlat universitetini matematika mutaxassisligi, 2001-yili Toshkent moliya institutini moliya mutaxassisligi, 2002-yili Yaponiya siyosiy fanlar milliy institutini iqtisodiyot yo‘nalishi bo‘yicha magistraturani tamomlagan.
Mirzayev mehnat faoliyatini 1993-yilda Toshkent davlat universitetida boshlagan. 1994−1996-yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Matematika instituti tadqiqotchi-stajori, aspiranti, 1996−2008-yillarda Markaziy bank ikkinchi toifali iqtisodchisi, birinchi toifali iqtisodchisi, yetakchi iqtisodchisi, bo‘lim boshlig‘i, departament direktori o‘rinbosari — boshqarma boshlig‘i, departament direktori lavozimlarida faoliyat yuritgan.
2008-yildan 2017-yilgacha Moliya vaziri o‘rinbosari, 2017-yildan 2018-yilgacha Iqtisodiyot vazirining makroiqtisodiy siyosat, bazaviy tarmoqlarni rivojlantirish va xalqaro moliya tashkilotlari bilan ishlash masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida samarali mehnat qilgan.
2018-yilning dekabr oyidan Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi. Mirzayev soliq xizmatining I darajali maslahatchisi unvoniga ega.
Mubin Mirzayev soliq tizimini strategik rivojlantirish, soliq ma’murchiligi va siyosatini takomillashtirish hamda biznes-jarayonlarni optimallashtirish uchun mas’ul bo‘lgan. U soliq tushumlarini prognozlash va nazorat qilish, yashirin iqtisodiyot va soliq xavflarini tahlil qilish, yirik soliq to‘lovchilar bilan ishlash hamda xalqaro reytinglarda O‘zbekiston pozitsiyasini yaxshilashga qaratilgan ishlarni muvofiqlashtiradi.
22-yanvar kuni Soliq qo‘mitasida o‘tkazilgan kengaytirilgan Hay’at yig‘ilishida 2025-yil yakunlari sarhisob qilingandi. Unda budjet tushumlari sezilarli oshgani qayd etildi, biroq korrupsiyaga yo‘l qo‘ygan va xizmat vazifalarini yetarli bajarmagan xodimlar faoliyati keskin tanqid qilindi.
Natijada 53 nafar mas’ul xodimga intizomiy choralar qo‘llanildi, 7 nafar hududiy soliq inspeksiya rahbarlari, 1 nafar soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari hamda 1 nafar soliq boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i vazifasidan ozod etildi.
