Avvalroq telekommunikatsiyalar xizmatlarini ko‘rsatish qoidalarining yangi tahriri davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Qoidalarga ko‘ra, abonent — jismoniy shaxsdan tarif rejasi bo‘yicha abonent to‘lovi va xizmat uchun mablag‘ yechishda hisobni salbiy holatga (qarzdorlik holatiga) keltirish taqiqlanadi.
Abonentlar prezident virtual qabulxonasining ishonch telefonlariga kecha-kunduz bepul qo‘ng‘iroq qilishlari mumkinligi belgilandi.
Mobil aloqa tarmoqlarida abonent raqamlarini ko‘chirish endilikda xizmat ko‘rsatish punktlarida 8 ish soatida emas, balki 20 daqiqa ichida amalga oshiriladi.
Mobil aloqa abonentlari uchun pullik qo‘shimcha xizmatlarga obuna bo‘lish bo‘yicha kontent xizmatlari ko‘rsatishning yangi tartibi joriy etildi. Unga ko‘ra, xizmatlarni faollashtirish faqat operatorlarning mobil ilovalari yoki USSD-kodlar orqali amalga oshiriladi.
Abonentning aniq roziligisiz xizmatlarni avtomatik ulashga yoki dastlab bepul bo‘lgan xizmatlarni keyinchalik pullik qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, kontent provayderlari tomonidan taqdim etiladigan barcha pullik xizmatlar dastlab nofaol holatda bo‘lishi shart.
Mazkur hujjat rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oydan keyin kuchga kiradi.
2025-yilning may oyida Ucell uyali aloqa operatorining ommaviy ofertasi qonunchilik talablariga muvofiqlashtirilgandi. Mobiuz Raqobat qo‘mitasi ko‘rsatmasi bilan tarifni o‘zgartirish bilan bog‘liq cheklovni olib tashladi.
Iyun oyida Raqobat qo‘mitasi Beeline‘ga tarif shartlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Keyinroq Beeline bu ko‘rsatmani bajarib, foydalanuvchilar kunlik abonent to‘lovi yechish xizmatini o‘zlari boshqara olishi mumkin bo‘ldi.
Sentabr oyi avvalida senator Qutbiddin Burxonov aloqa operatorlari abonentlar mablag‘ini ularning roziligisiz yechib olayotganini tanqid qilgandi. Foydalanuvchilarga kontent provayderlari tomonidan taqdim etilayotgan xizmatlarni tartibga soluvchi hujjat mavjud emas. Natijada bunday xizmatlarni bekor qilish qiyin bo‘lib qolmoqda.
Avvalroq bank kartalarini Yagona portal orqali onlayn ochish imkoni yaratilishi haqida xabar berilgandi.
