Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar, kiberjinoyatlar va yashirin iqtisodiyot bo‘yicha ta‘sirchan choralarni belgilash yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Prezident davlatning har bir so‘mi bo‘yicha ta‘sirchan nazorat o‘rnatilishini taʼkidladi.
“Javobgarlik muqarrar, jazo qattiq bo‘ladi!”, — dedi davlat rahbari.
Shu bois, yaqinda Administratsiya va davlat idoralarida komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi yo‘lga qo‘yildi. Qisqa muddatda budjetga tushum, talon-toroj, moliyaviy kamchiliklar bo‘yicha 53 trln so‘m va tashqi savdo operatsiyada $8 mlrddan ortiq qarzdorlik aniqlangani o‘ta ayanchli holat ekani qayd etildi.
Korrupsiyaviy sxemalar bo‘yicha 4,2 trln so‘m zarar aniqlanib, 1,3 trln so‘mi undirildi, 55 nafar shaxs qamoqqa olindi.
Masalan, Ichki ishlar vazirligi tizimida davlat xaridlarida 186 mlrd so‘m budjet mablag‘i o‘zlashtirilgani aniqlanib, vazir o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev va departament boshlig‘i Rustam Tursunovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Umuman, davlat idoralari va korxonalarida xavfsizlik uchun mas‘ullar faoliyatini ham tanqidiy qayta ko‘rib chiqish vaqti kelgani qayd etildi.
“Bizga yuqori kasbiy kompetensiyalarga ega, talabchan yosh rahbarlar korpusi kerak”, — dedi prezident.
Huquq-tartibot tizimida xizmat o‘tash chegarasi polkovniklar uchun 55 yosh, generallar uchun 60 yosh bo‘lsada, hozir bu yoshdan oshgan 300 dan ortiq xodim rahbarlik lavozimida ishlayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Vaholanki, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida rahbar kadrlarning barchasining yoshi 50 yoshdan kichik.
Rahbarlikka yosh kadrlarni qo‘yish, pensiya yoshidagilarning tajribasidan murabbiy va o‘qituvchi sifatida foydalanish yoki mahallada yoshlarga ustozlik qiladigan tizim yaratish muhimligi qayd etildi.
Bundan avval yig‘ilishda davlat rahbari tizimli muammo hamda kamchiliklar birinchi navbatda rahbarlarning aybi ekanini ta‘kidlagandi. Shu bois, bunga mas‘ul vazir o‘rinbosari B.Abdullayev va respublika profilaktika boshlig‘i X.Qodirov ishdan olingani aytib o‘tilgan edi.
2025-yilning noyabrida prezident qarori bilan Bekmurod Abdullayev va Rustam Tursunov egallab turgan lavozimlaridan ozod etilgandi.
Avvalroq Davaktiv direktori Akmalxon Ortiqov korrupsiyaviy sxemalar sabab ishdan olingani haqida xabar berilgandi.
