Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar, kiberjinoyatlar va yashirin iqtisodiyot bo‘yicha ta‘sirchan choralarni belgilash yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Mas‘ul idoralar uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar, kiberjinoyatchilik va yashirin iqtisodiyot bo‘yicha jilovni qo‘lga olib, xodimlarining dunyoqarashini o‘zgartirsa, ularni yangicha ishlashga o‘rgatsa, shunda natija bo‘lishi ko‘rsatib o‘tildi.

Shuning uchun ushbu 4 ta yo‘nalish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratilib, birinchi navbatda Toshkent shahrida boshlanadi.

Toshkentda xavfsiz muhitni yaratish bo‘yicha “poytaxt namunasi” joriy etiladi. Har bir vazir bittadan tumanga biriktiriladi. Masalaning muhimligini inobatga olib, Prezident Administratsiyasi vakili ham bitta tumanga biriktiriladi.

Huquq-tartibot oliygohlari quyidagi muammolarni ilm bilan hal qiladi va metodik tavsiyasini tumanda joriy etadi. Oliygoh kafedralari olti oy davomida mahallaga tushib, “mahalla yettiligi” va huquq-tartibot xodimlarini yagona dastur bo‘yicha o‘qitadi.

3−4-kurs talabalari ham dual ta‘lim asosida profilaktika va jamoat tartibini saqlash xizmatlarida amaliyot o‘taydi.

Yangi tizim asosida xavfsiz muhit poytaxtga tutash bo‘lgan va kriminogen vaziyatga ta‘sir ko‘rsatadigan Zangiota, Qibray va Toshkent tumanlarida ham yaratiladi.

Prezident yangi tizimni Chilonzor tumani misolida tushuntirib berdi. O‘tgan yili tumanda oldini olish mumkin bo‘lgan 1407 ta jinoyat sodir etilgan. Ularning 40%i mahalla hududida bo‘lgan. Yoki o‘g‘rilik, talonchilik, tan jarohati, bezorilik kabi jinoyatlar asosan tungi vaqtda sodir etilmoqda.

Shu bois, jamoat xavfsizligi kuch-vositalarini boshqarish yangicha tashkil qilinadi. Patrul-post, yo‘l-patrul, qo‘riqlash va profilaktika xizmatlari tun-u kun 3 smenali xizmat rejimiga o‘tadi hamda 70 foizi soat 17 dan tungi 3 gacha patrullik qiladi.

Patrul guruhlari huquqbuzarlik to‘g‘risida xabar kelib tushganda, voqea joyiga 5 daqiqa ichida yetib keladigan tizim bo‘ladi.

Tumandagi 5 ta IIB boshlig‘i o‘rinbosarlari tungi xizmatni bevosita mahallalarda tashkil qiladi. Ular tungi vaqtda o‘z boshliqlariga berilgan barcha vakolatga ega bo‘ladi, mustaqil qaror qabul qiladi va mas‘uliyatni ham to‘liq zimmasiga oladi.

Bundan buyon tuman ichki ishlar jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari va 5 ta IIB boshlig‘i o‘rinbosarlari boshqa ishlarga umuman jalb qilinmaydi. Ularning faoliyati faqat vazirning buyrug‘i bilan tartibga solinadi.

Avvalroq IIVning ikki sobiq mulozimiga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi.