Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar, kiberjinoyatlar va yashirin iqtisodiyot bo‘yicha ta’sirchan choralarni belgilash yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Unda davlat rahbari Toshkent shahridagi savdo markazlarida soliq to‘lovlarida sustkashliklar mavjudligini tanqid qildi. Jumladan, Shayxontohur tumani soliq inspeksiyasi tomonidan Eski Juva (Chorsu) bozorida to‘lov intizomi joyiga qo‘yilmagani ko‘rsatib o‘tildi.
Malika savdo kompleksida esa ahvol bundan ham ayanchli ekani ta’kidlandi. Kompleksda 1,5 mingga yaqin tadbirkor faoliyat yuritadi, biroq ularning faqat to‘rtdan biri ro‘yxatdan o‘tgan, 25%i oyiga 1 mln so‘m ham soliq to‘lamaydi. Dekabr oyida esa plastik kartalar orqali yechib olingan 600 mlrd so‘mlik savdo tushumi yashirilgan.
Bundan tashqari, yirik bozorlar va gavjum joylarda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha gvardiya, ichki ishlar va favqulodda vaziyatlar idoralarining hamkorligi yetarli emasligi ko‘rsatib o‘tildi.
O‘tgan yili bozorlar va parklarda 87 ta jinoyat sodir etilgan, shaharda jami 774 ta yong‘in yuz bergan. Bozorlarni raqamlashtirish juda sustligi, hozircha faqat Chorsu va Farhod bozorlarida situatsion markaz tashkil qilingani qayd etildi.
Ichki ishlar vazirining axborot texnologiyalariga mas’ul o‘rinbosari Zufar Qurbonov tayinlaganiga ikki yildan oshgani, lekin tizimni raqamlashtirish bo‘yicha hali sezilarli natija ko‘rinmayotgani tanqid qilindi.
Shu va boshqa tizimli muammo hamda kamchiliklar birinchi navbatda rahbarlarning aybi ekani ta’kidlandi. Shu bois, bunga mas’ul vazir o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev va respublika profilaktika boshlig‘i Xotam Qodirov ishdan olingan edi.
Avvalroq Toshkentdagi Navro‘z bozori va uning Bo‘z bozor shoxobchasi rekonstruksiya qilinayotgani haqida xabar berilgandi. Obyektlar infratuzilmasini yangilash, kameralar o‘rnatish va terminallar o‘rnatish rejalashtirilgan.
