Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar, kiberjinoyatlar va yashirin iqtisodiyot bo‘yicha ta‘sirchan choralarni belgilash yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda Toshkent shahrida yashirin va kuzatilmaydigan iqtisodiyot 60 trln so‘mga yetgani, bu budjet yiliga 7,5 trln so‘mni yo‘qotgani bilan tengligi aytildi. Birgina aksiz solig‘i to‘lovchilar ishlab chiqarish va realizatsiya hajmini yashirgani oqibatida 66 mlrd so‘m soliqdan qochilgan.

Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish va soliq ma’murchiligi bo‘yicha poytaxt soliq organlarining ishi mutlaqo qoniqarsiz ekani qayd etildi. Masalan, QQS to‘lovchilarning qariyb 30 mingi ushbu soliqning biror so‘mini to‘lamagan. Yoki savdo, servis va umumiy ovqatlanishdagi kassa apparatining to‘rtdan biri ishlatilmayapti.

Ayrim soliq boshliqlari tushumni ko‘paytirish o‘rniga qo‘shtirnoq ichidagi “tadbirkor"larga “homiylik” qilish bilan bandligi ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, shaharda o‘tkazilgan tekshiruvlarda 70 mlrd so‘m soliq hisoblanmasdan qolgani aniqlangan. So‘nggi ikki yilda shahar soliq idoralarining 19 nafar xodimi korrupsiya bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilgan, budjetga 27 mlrd so‘m zarar yetkazilgan.

O‘tgan hafta Mirzo Ulug‘bek tumani soliq inspeksiyasining boshlig‘i Dilshod Usmanov ishdan olinib, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. U inspeksiya binosining bir qismini shaxsiy maqsadda ijaraga berib, 315 mln so‘mni o‘zlashtirgan, ish faoliyatida guruhbozlikka va maishatbozlikka berilgan.

Shayxontohur tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i Xojiakbar Mullajonov va Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshlig‘i Yunusjon Nasimdjanovni ishdan olish, faoliyatini o‘rganib, qonun ustuvorligini ta’minlash topshirildi.

Soliq qo‘mitasining yangi raisi Farrux Po‘latovga Toshkent shahridagi barcha tuman soliq inspeksiyalarining boshliqlarini ishdan olib, vazifasini bajaruvchi qilib qo‘yish topshirildi.

korrupsiya, prezident, soliq inspeksiyasi, soliq qo'mitasi, soliqlar, yashirin iqtisodiyot

Shu bilan birga, qo‘mita raisi va qo‘mitaga tayinlangan komplayens bo‘yicha yangi o‘rinbosar A.Soliyevga korrupsiyaga murosasiz muhitni yaratish, Toshkent shahri soliq rahbarlarining lavozimga loyiqligini ko‘rib chiqib, ularning o‘rnini vatanparvar, yangilikka intilib ishlaydigan shijoatli yoshlar bilan to‘ldirish vazifasi qo‘yildi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning shahar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari A.G‘aniyev qo‘shtirnoq ostidagi “tadbirkor"larga soliqdan qochishda yo‘l ko‘rsatib yurgani uchun uni bugunning o‘zida ishdan olish topshirildi.

A.Soliyev va Toshkent shahar hokimiga komplayens bo‘yicha o‘rinbosar etib tayinlangan Mirmuhammad Mirhamidov poytaxtda yashirin iqtisodiyotga qarshi murosasiz muhit yaratishga mas’ul bo‘lishi belgilandi.

22-yanvar kuni Soliq qo‘mitasida o‘tkazilgan kengaytirilgan Hay’at yig‘ilishida 2025-yil yakunlari sarhisob qilingandi. Unda budjet tushumlari sezilarli oshgani qayd etildi, biroq korrupsiyaga yo‘l qo‘ygan va xizmat vazifalarini yetarli bajarmagan xodimlar faoliyati keskin tanqid qilindi.

Natijada 53 nafar mas’ul xodimga intizomiy choralar qo‘llanildi, 7 nafar hududiy soliq inspeksiya rahbarlari, 1 nafar soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari hamda 1 nafar soliq boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i vazifasidan ozod etildi.

Avvalroq Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev loqaydligi va mas’uliyatsizligi uchun ishdan olingani haqida xabar berilgandi.