Yangi Bankni tugatishdan oldin uni salohiyatli investorlarga sotish imkoniyati ko‘rib chiqilgan. Bu haqda 28-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Timur Ishmetov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.
“Har qanday bankni yopish og‘riqli masala, bizga bu borada qaror qabul qilish juda ham qiyin. Albatta, har doim qa’ti qaror qabul qilishimiz kerak. Lekin biz imkon qadar bankni yopmasdan uni sog‘lomlashtirish bo‘yicha choralarni doim ko‘rib boramiz. Chunki har qanday bankning yopilishi bank tizimiga salbiy munosabatni keltirib chiqaradi”, — dedi u.
Ishmetov ayrim banklar o‘z ustav kapitalini qonunchilikda belgilangan eng kam talablar darajasiga yetkazgani, Yangi Bank bilan bir qatorda yana bir nechta banklarga qo‘shimcha vaqt berilganini ta’kidladi. Biroq, Yangi Bank majburiyarlarni bajarmagan — 2025-yil 1-yanvardan boshlab ustav kapitalining eng kam miqdorini 500 mlrd so‘mga yetkazmagan.
2025-yil boshida bank aksiyadorlari birinchi va ikkinchi choraklar davomida boshqa bizneslardan olingan dividendlar hisobidan ustav kapitalini to‘ldirish bo‘yicha reja taqdim etgan. Markaziy bank ushbu rejalarni inobatga olib, Yangi Bank faoliyatini davom ettirishiga imkon bergan.
“Biz doim banklarning faoliyatini davom ettirishi tarafdorimiz. Lekin va’da berilgan muddatda bank kapitalini oshirmadi, shu bilan bir vaqtda, Yangi bankning moliyaviy holati ham yomonlashib bordi. Shuning uchun ham bank aktivlari majburiyatlarni bajarish uchun yetarli bo‘lgan vaqtda qaror qabul qilganmiz”, — dedi Markaziy bank raisi.
Ishmetovning so‘zlariga ko‘ra, Yangi Bank aktivlarining bir qismi yuqori likvidli, yana bir qismi kredit portfeliga to‘g‘ri keladi va ularni boshqa banklarga sotish mumkin. Bankni tugatish qarori esa aksiyadorlar ustav kapitalini to‘ldira olmasligiga to‘liq ishonch hosil qilingach qabul qilingan.
Bundan tashqari, u Yangi Bankni salohiyatli investorlarga sotish masalasi ham ko‘rib chiqilganini ma’lum qildi.
“Bankni boshqa potensial investorlarga sotish bo‘yicha norasmiy muhokamalar o‘tkazilgan. Biroq investor topilmagan. Bankka yana vaqt berish esa kelgusida mavjud aktivlarini ham qaytarish imkonini cheklardi”, — dedi regulyator raisi.
Shuningdek, u Yangi Bank omonatchilariga kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirish uchun reyestr shakllantirilib, Omonatlarni kafolatlash agentligi jarayonni boshlashini eslatib o‘tdi. Qonunchilikda belgilangan tartibda 200 mln so‘mgacha bo‘lgan mablag‘lar 15 kun ichida qaytariladi. Qolgan mablag‘lar bilan Tugatish komissiyasi shug‘ullanadi.
Timur Ishmetov rejaga ko‘ra, Yangi Bank barcha majburiyatlarni bajarishini qayd etdi. “Lekin bank faoliyatini katta zarar bilan yakunlaydi. Biz e’tiborimizni birinchi navbatda yuridik va jismoniy shaxslarning pullarini to‘liq qaytarishga yo‘naltirganmiz”, — deya xulosa qildi u.
2025-yil boshida Markaziy bank departamenti rahbari Nusratilla Fazilov 2024-yilda 14 ta bank ustav fondi talabiga javob bermagani, ulardan faqat to‘rttasi — Saderatbank, Poytaxt bank, Yangi Bank hamda avgustda litsenziyasi bekor qilingan Qozog‘istonning Yevroosiyo banki qolganini ma’lum qildi. O‘shanda Yangi Bank bo‘yicha chora-tadbirlar kelishib olingani aytilgandi.
15-yanvar kuni O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvining tegishli qarori bilan Yangi Bank’ning bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olindi. Natijada mamlakatdagi banklar soni 35 tadan 34 taga qisqardi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, jami mavjud 32 526 nafar omonatchilarning 32 153 tasiga kafolatlangan omonat summalari to‘liq qaytarib beriladi. 373 nafar fuqaro bo‘yicha esa kafolatlangan omonat mablag‘laridan qolgan qismi tugatish komissiyasining qaroriga ko‘ra qonunchilikda belgilangan tartibda qaytariladi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning 13-yanvar holatiga Yangi bank’ning jami aktivlari 577,2 mlrd so‘mni tashkil etadi. Kredit portfeli 190 mlrd so‘mga baholanmoqda. Bankning taqsimlanmagan zarari 171 mlrd so‘mga yetdi, shundan 136 mlrd so‘mi 2025-yil yakuniga, yana 1 mlrd so‘mi 2026-yil boshiga to‘g‘ri keldi.
Avvalroq Spot Yangi bank omonatchilariga kompensatsiya to‘lovlari Biznesni rivojlantirish banki orqali berilishi haqida yozgandi.
