O‘zbekiston Markaziy banki muomalaga yangi kupyura chiqarishni va so‘m denominatsiyasini rejalashtirmayapti. Bu haqda 28-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida regulyator raisi Timur Ishmetov ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
“Yangi kupyuralar chiqarish yoki so‘m denominatsiyasi bo‘yicha hech qanday reja, xatto g‘oya ham yo‘q. Lekin, pul muomalasida aholi va biznesni qanday masalalar bezovta qilayotganini so‘rovnomalar asosida o‘ranishni boshladik. Bu shunchaki aholi va biznesda biz bilmagan muammolarni [aniqlashga qaratilgan]. Shundan kelib chiqib, keyinchalik rejalashtirish [ishlarini] boshlash uchun [tahlil qilinadi]”, — dedi Ishmetov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘rovnomalarda bank kassalari markazlarining faoliyati baholanadi. Shu bilan birga, tadbirkorlar faoliyatida qaysi nominaldagi kupyura ko‘proq va qaysi biri kamroq foydalanilayotgani aniqlanadi. Chunki bozorda banknota nominallari strukturasiga ta’sir qiluvchi bir qator o‘zgarishlar boshlangan.
Markaziy bank raisi bunga misol qilib Toshkent shahridagi avtobuslarda naqd pul qabul qilish butunlay to‘xtatilganini keltirdi. Uning qayd etishicha, bu pul muomalasiga ta’sir qiladi. Chunki jamoat transportida naqd pulda to‘lov qilish ma’lum bir banknotaga talabni shakllantiruvchi omillardan biridir.
“Mana shu bitta o‘zgarish banknotaning talab strukturasini ham o‘zgartirishi mumkin. Shundan kelib chiqib, boshqa omillar paydo bo‘ldimi, oxirgi yillarda biz payqamagan noto‘g‘ri strukturada banknota chiqarmayapmizmi, degan ma’noda endi birinchi qadamlarimizni — diagnostika qilishni boshladik. Lekin hech qanaqa rejalar va asoslar yo‘q”, — dedi Timur Ishmetov.
Uning qayd etishicha, hozirgi asosiy masala — inflyatsiyaning target darajasiga erishishdir. Undan keyin, uzoq muddatda yangi kupyura chiqarish yoki so‘m denominatsiyasini ko‘tarish mumkin bo‘ladi. Qaror qabul qilishda aniq tahlillarga asoslanish uchun esa o‘rganishlar davom ettiriladi.
Avvalroq 2025-yilda O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari qariyb $19 mlrdga yetgani haqida xabar berilgandi. Mamlakatga kelib tushgan pul o‘tkazmalari 27,2% ga oshib, $18,9 mlrdni tashkil etdi. Bunga asosan rubl kursining mustahkamlanishi va migrantlar oqimining ko‘payishi ta’sir qildi.
