Joriy yilning 1-fevralidan “Tashabbusli budjet” jarayonining 2026-yilgi ilk mavsumi boshlanadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
O‘ninchi mavsum doirasida loyihalarni kiritish 1−20-fevral kunlari amalga oshiriladi. Undan keyin, 21-fevraldan 7-martgacha loyihalarni saralash bosqichi o‘tkaziladi.
Keyingi bosqich — targ‘ibot — 8−10 mart kunlari, ovoz berish jarayoni esa 11−20-mart kunlari davom etadi. 21−31-mart kunlari qo‘shimcha g‘oliblarni e’lon qilish bosqichi o‘tkaziladi.
An’anaviy ovoz berish bosqichi yakunlariga ko‘ra g‘olib loyihalar 21-mart — Navro‘z bayrami kuni e’lon qilinadi.
2025-yilning noyabr oyida qabul qilingan prezident qarori bilan eng yaxshi soliq to‘lovchilar uchun “Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla” nominatsiyasi joriy etilishi belgilangandi. Uning doirasida G‘oliblar tashabbusli budjetda ketma-ket 2 marotaba g‘olib deb topilsa, navbatdagi 2 ta mavsum doirasida ularga loyiha kiritish imkoniyatini cheklash qoidasi qo‘llanmaydi.
Loyihalarni sheriklik asosida moliyalashtirishda ushbu mahallalar aholisi tomonidan loyiha qiymatining 25%i moliyalashtirilsa, loyiha g‘olib deb topiladi hamda qolgan 75%i davlat budjetidan moliyalashtiriladi.
2026-yildan Tashabbusli budjet loyihalarini aholi va davlat o‘rtasida sherikchilik asosida moliyalashtirish tartibi yaratilishi belgilangan. Tashabbuskor aholi tomonidan loyihalar qiymatining 50% qismi ixtiyoriy ravishda moliyalashtirilgan taqdirda loyihalar avtomatik ravishda g‘olib deb topiladi va qolgan 50% i budjetdan moliyalashtiriladi.
Avvalroq Toshkentda soliq idoralari rahbarlari ishdan olinib, ulardan biriga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi. Bunga ularning yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishdagi qoniqarsiz ishlari va soliq hisoblashda ayrim tadbirkorlarga yordam bergani sabab bo‘ldi.
