O‘zbekistondagi kichik quvvatli atom elektr stansiyasi (KQAES) uchun birinchi beton quyish 2026-yilning birinchi yarmiga rejalashtirilgan. Bu haqda Rosatom davlat korporatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Shavkat Mirziyoyev 27-yanvar kuni Rosatom atom energiyasi bo‘yicha davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyovni qabul qildi. O‘zbekistonda integratsiyalashgan AESni qurish loyihasini amalga oshirishning amaliy jihatlari, atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish borasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
O‘tgan yilning oktabr oyida birinchi kam quvvatli reaktor binosi uchun poydevor qo‘yish ishlari boshlangandi. Elektr stansiyani loyihalashtirish ishlari davom etmoqda.
Bundan tashqari, o‘tgan yili MMFI milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkentdagi filiali negizida atom energetikasi va yadro texnologiyalari bo‘yicha ilg‘or muhandislik maktabi ishga tushirildi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi va tibbiyotda yadro texnologiyalarini qo‘llash, sohada malakali kadrlarni tayyorlash, fanni rivojlantirish hamda ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish borasida hamkorlikni rivojlantirishga e’tibor qaratildi.



Rosatom matbuot xizmatining xabar berishicha, Aleksey Lixachyov va Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda integratsiyalashgan AESni qurish bosqichlarini muhokama qilgan.
“Biz yuqori sur’atlarda va belgilangan jadvalga to‘liq muvofiq harakatlanyapmiz. Maydonchadagi ishlar faol olib borilmoqda: 2025-yil oktabr oyidayoq kichik quvvatli birinchi energoblok uchun kotlovan qazish ishlari boshlangan. Joriy yilning asosiy vazifasi — yadro oroli binolari poydevor plitasining asosiga beton quyish bosqichiga o‘tish. Muddatlarga qat’iy rioya etish muhimligini inobatga olgan holda, beton tayyorlash ishlarini aynan shu bahorda boshlashni maqsad qilganmiz”, — deya izoh berdi u loyiha amalga oshirilish bosqichlari haqida.
Shu bilan birga, kompaniyaning aniqlik kiritishicha, keyingi asosiy bosqich — beton ishlarini boshlash 2026-yilning birinchi yarmida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Avvalroq prezident AES qurilishi loyihasini amalga oshirishni tezlashtirish va shu yilning mart oyida birinchi betonni quyishni topshirgan edi.
2026-yilga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasiga ko‘ra, birinchi betonni joriy yilning dekabr oyida qo‘yish rejalashtirilgan. Biroq O‘zatom agentligi kichik AES qurilishi boshlanishi mart oyidan dekabr oyiga ko‘chirilganini rad etib, “avval e’lon qilingan mo‘ljallar” o‘z kuchida qolayotganini ta’kidlamoqda.
Kichik AES
2025-yil sentyabr oyida O‘zatom va “Rosatom” O‘zbekistondagi AES loyihasining ikkita katta quvvatli energiya bloki va ikkita kichik quvvatli atom stansiyasi blokidan iborat yangi konfiguratsiyasi bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Qo‘shimcha bitimga ko‘ra, loyiha tarkibiga 3+ avlod VVER-1000 asosidagi ikkita katta quvvatli energoblok va har birining quvvati 55 MVt bo‘lgan RITM-200N reaktorli ikkita energoblok kiradi. Shunday qilib, integratsiyalashgan AESning umumiy quvvati 2,1 GVt dan oshadi: katta stansiya — 2 GVt, kichik — 110 MVt.
Oktabr oyida O‘zbekistonda kichik atom elektr stansiyasini qurishning asosiy bosqichi boshlandi. Jizzax viloyatidagi qurilish maydonida RITM-200N reaktori o‘rnatiladigan energoblok uchun kotlovan qazish ishlari yo‘lga qo‘yildi.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston ko‘chma atom stansiyalariga qiziqish bildirayotgani haqida yozgandi.



