Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev Turkiyaning Mehnat va ijtimoiy taʼminot vaziri Vedat Ishikxan bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Unda Turkiyada noqonuniy maqomdagi o‘zbekistonliklarni deportatsiyasiz legallashtirish amaliyotini davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, ushbu mamlakatda 3 yil doimiy asosda yashab kelgan o‘zbekistonliklarga joriy yil 1-martdan ishlash huquqini beruvchi ruxsatnoma taqdim etiladi.

Mehnat vazirligi huzuridagi İŞKUR tashkiloti tomonidan talab yuqori bo‘lgan kasblarni markazlashtirib, Migratsiya agentligiga talabnoma taqdim qilish kabi masalalar bo‘yicha bitim imzolashga kelishib olindi.

Bundan tashqari, agentlik Turkiyanng KSK Temizlik kompaniyasi bilan ham kelishuvga erishdi.

Uning doirasida 2026-yil 2,5 ming nafar o‘zbekistonlik quruvchilar Anqaradagi qurilish obyektlariga ishga jalb qilinadi.

2024-yilning kuzida Turkiyaning Kalyon Insaat Sanayi Ve Ticaret A.Ş. qurilish kompaniyasi 1 300 nafardan ortiq o‘zbekistonliklarni ishga jalb qilishi haqida xabar berilgandi.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston Janubiy Koreyaga mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishchilarini yuborishi mumkinligi haqida yozgandi.