Yangi Bank omonatchilariga kompensatsiya to‘lovlarini berish boshlandi. Bu haqda Omonatlarni kafolatlash agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Kafolatlangan omonatlar bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlari Biznesni rivojlantirish banki orqali amalga oshiriladi. BRB tomonidan to‘lovlar bo‘yicha barcha tayyorgarlik ishlari yakunlangan.

Bunda jismoniy shaxslar to‘lovlarni “BRB” mobil ilovasi orqali onlayn yoki BRB bank xizmatlari markazlariga borib naqd pul shaklida olishlari mumkin. Yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslar esa BRB bank xizmatlari markazlari orqali bankning o‘zida hisobvaraq ochish yoki boshqa bankdagi hisobvaraqqa pul o‘tkazish yo‘li bilan olishlari mumkin.

Yangi Bankni Tugatish komissiyasi ma’lumotlari asosida shakllantirilgan omonatchilar reyestriga muvofiq, jami kafolatlangan omonatlar bo‘yicha 31 507 nafar omonatchiga 208 mlrd so‘m miqdorida kompensatsiya to‘lab beriladi. Bu Yangi bank omonatchilarining deyarli barchasini — 98,7%ini qamrab oladi.

O‘z navbatida omonatchilarning 99,5%i — 31 327 nafarini jismoniy shaxslar tashkil etadi. Ularga hisoblangan omonatlar esa — 205 mlrd so‘m. Yana 2,9 mlrd so‘mi 126 nafar yuridik shaxslarga, 261 mln so‘mi esa 54 nafar yakka tartibdagi tadbirkorga to‘g‘ri keladi.

Omonatlarni kafolatlash agentligi kompensatsiya to‘lovlarini olishda hech qanday qo‘shimcha to‘lov talab etilmasligini eslatib, firibgarlarga aldanib qolmaslik uchun shaxsiy va bank ma’lumotlarini hech kimga bermaslikka chaqirdi.

To‘lovlar asossiz kechiktirilsa agentlikka murojaat qilish mumkin. BRB ilovasida texnik muammolar kuzatilgan holatlarda esa Biznesni rivojlantirish bankining 78−150−76−76 raqamiga qo‘ng‘iroq qilish imkoni mavjud.

15-yanvar kuni O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvining tegishli qarori bilan Yangi Bank’ning bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olindi. Natijada mamlakatdagi banklar soni 35 tadan 34 taga qisqardi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, jami mavjud 32 526 nafar omonatchilarning 32 153 tasiga kafolatlangan omonat summalari to‘liq qaytarib beriladi. 373 nafar fuqaro bo‘yicha esa kafolatlangan omonat mablag‘laridan qolgan qismi tugatish komissiyasining qaroriga ko‘ra qonunchilikda belgilangan tartibda qaytariladi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning 13-yanvar holatiga Yangi bank’ning jami aktivlari 577,2 mlrd so‘mni tashkil etadi. Kredit portfeli 190 mlrd so‘mga baholanmoqda. Bankning taqsimlanmagan zarari 171 mlrd so‘mga yetdi, shundan 136 mlrd so‘mi 2025-yil yakuniga, yana 1 mlrd so‘mi 2026-yil boshiga to‘g‘ri keldi.

Avvalroq Spot Markaziy bank Yangi Bankni yopish qarori sabablarini izohlagani haqida yozgandi.