Avvalroq Yangi Bank omonatchilariga kompensatsiya to‘lovlarini berish boshlangani haqida xabar berilgandi.
29-yanvar soat 16:30 holatiga ko‘ra, agent-bank hisoblangan Biznesni rivojlantirish banki omonatchilarga 106 mlrd so‘mdan ortiq kompensatsiya to‘lab berildi.
Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan har bir omonatchiga kompensatsiya mablag‘larini to‘lash uchun yetarli moliyaviy resurslar agent-bankka o‘tkazib berilgan.
“Agent-bankda mablag‘ yetishmovchiligi bilan bog‘liq hech qanday muammo mavjud emas. Sizlardan xavotirga tushmaslikni, mablag‘larni o‘zingizga qulay bo‘lgan vaqtda olishingiz mumkinligini maʼlum qilamiz”, — deyiladi xabarda.
Taʼkidlanishicha, ayni paytda BRB mobil ilovasida foydalanuvchilar soni keskin ortishi sabab ilovani yuklab olishda texnik qiyinchiliklar kuzatilishi mumkin.
Agentlik ilovaning 24/7 rejimida barqaror ishlashini taʼminlash uchun barcha zarur choralar ko‘rilayotganini taʼkidladi.
Mobil ilovada texnik muammolar yuzaga kelsa 78 150−76−76 raqamiga qo‘ng‘iroq qilish mumkin.
Jismoniy shaxslar mablag‘larni BRB mobil ilovasida onlayn yoki bank xizmatlari markazlaridan naqd shaklda olishi mumkin. Yuridik shaxslar va YTTlar esa hisobvaraqqa o‘tkazish yo‘li bilan kompensatsiya oladi.
Tugatish komissiyasi reyestriga ko‘ra, jami 31,5 mingdan ortiq omonatchiga 208 mlrd so‘m to‘lab beriladi, bu Yangi Bank omonatchilarining 98,7%ini qamrab oladi.
Yangi Bank yopilishi
15-yanvar kuni O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvining tegishli qarori bilan Yangi Bank’ning bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olindi. Natijada mamlakatdagi banklar soni 35 tadan 34 taga qisqardi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, jami mavjud 32 526 nafar omonatchilarning 32 153 tasiga kafolatlangan omonat summalari to‘liq qaytarib beriladi. 373 nafar fuqaro bo‘yicha esa kafolatlangan omonat mablag‘laridan qolgan qismi tugatish komissiyasining qaroriga ko‘ra qonunchilikda belgilangan tartibda qaytariladi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning 13-yanvar holatiga Yangi bank’ning jami aktivlari 577,2 mlrd so‘mni tashkil etadi. Kredit portfeli 190 mlrd so‘mga baholanmoqda. Bankning taqsimlanmagan zarari 171 mlrd so‘mga yetdi, shundan 136 mlrd so‘mi 2025-yil yakuniga, yana 1 mlrd so‘mi 2026-yil boshiga to‘g‘ri keldi.
Avvalroq Spot Markaziy bank Yangi Bankni yopish qarori sabablarini izohlagani haqida yozgandi.
