Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi ko‘p qavatli uy yerto‘lasida “kiberbunker” faoliyati fosh etildi. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB xabar berdi.
Andijon viloyatida yashovchi, 1994-yilda tug‘ilgan, muqaddam ikki marta sudlangan shaxs (J.T.) va uning sheriklari fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilib, ularni go‘yo Uzum Market‘ning “yutuqli o‘yini” g‘olibi bo‘lgani haqida yolg‘on ma‘lumotlar bergan.
Ular “sovg‘a” uchun to‘lov fuqaroga ajratilgan kredit yoki mikroqarz limiti hisobidan vaqtincha Alhikma Ilm korxonasiga o‘tkazilishini, keyinchalik ushbu mablag‘lar korxona tomonidan qoplab berilishini va‘da qilgan. Natijada fuqarolardan pul o‘tkazib berilgan.
Guruh a‘zolari savdo platformasida o‘zlarini mahsulot yetkazib beruvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazgan. Yetkazib berishni talab qilgan yoki ulardan shikoyat qilmoqchi bo‘lgan xaridorlarga arzon, sifatsiz yoki buyurtmaga mutlaqo mos kelmaydigan mahsulotlar yuborgan.



Bu yo‘l orqali jabrlanuvchilarning e‘tibori chalg‘itilib, ajratilgan kredit yoki mikroqarz limitlari to‘liq o‘zlashtirilgan. Mablag‘lar o‘tkazilgandan so‘ng jabrlanuvchilar bilan aloqa uzib qo‘yilgan.
Tekshiruvlarda Alhikma Ilm, Aksiya Tech Shoop va Grandbook korxonalari orqali Chilonzor tumanida tashkil etilgan “kiberbunker"da 16 nafar operator faoliyat yuritgani aniqlandi.
Ular ijtimoiy tarmoqlardagi soxta onlayn do‘konlar nomidan yuzlab fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilgan. Dastlabki tergovga qadar 50 nafar fuqaroning 200 mln so‘mdan ortiq mablag‘larini noqonuniy yo‘l bilan o‘zlashtirgan.
Tezkor tadbirda 22 ta kompyuter jamlanmasi, mobil telefonlar, SIM-kartalar, bank plastik kartalari hamda 2,5 mingdan ortiq fuqarolarning to‘liq qayd etilgan shaxsiy va moliyaviy ma‘lumotlari ro‘yxatlari rasmiylashtirildi.
Hozirda guruh a‘zolarining boshqa hududlardagi firibgarlik holatlariga aloqadorligi va fuqarolarga yetkazilgan moddiy zararni aniqlash yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ushbu korxonalar bilan bog‘liq firibgarlik holatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolar Toshkent viloyati IIBBning +998717622135. +998717622024, +998717622025 navbatchilik qismi orqali yoki o‘zlariga eng yaqin IIOga murojaat qilishi mumkin.
27-yanvar kuni prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Toshkentda kiberjinoyatlar soni bir yilda 16 mingdan oshgani, aholi qariyb 2 trln so‘m zarar ko‘rgani aytilgan edi.
Shuningdek, IIVda kiberjinoyatchilik bo‘yicha alohida departament tashkil qilinishi taʼkidlangandi.
Avvalroq Navoiyda noqonuniy oltin qazib olish bilan shug‘ullangan guruh fosh etilgandi.



