28-yanvar kuni qabul qilingan hukumat qarori (VMQ-32-son) bilan ayrim talabalarning oliygohlar yotoqxonalaridagi yashash xarajatlarini qoplab berish tartibi tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, yashash xarajatlari davlat OTMlarining faqat kunduzgi ta’lim shaklida, grant yoki to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan talabalariga Davlat budjetidan qoplanadi.

Xarajatlarni qoplash talabaning oilasi Ijtimoiy reyestrga “kam ta’minlangan oila” sifatida kiritilgan sanadan boshlab 12 oy davomida amal qiladi. Bu toifaga mansublik esa “Elektron hukumat” tizimi orqali idoralararo integratsiya platformasidan olingan ma’lumotlar asosida tasdiqlanadi.

TTJga joylashtirish ustuvor va navbatsiz amalga oshiriladi. Agar OTMda talabalar turar joyi mavjud bo‘lmasa, talabalar davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etilgan yotoqxonalarga joylashtiriladi.

Yashash xarajatlarini qoplash bo‘yicha arizalar maxsus komissiya tomonidan ko‘rib chiqiladi. Ularni kontrakt.edu.uz orqali taqdim etish mumkin bo‘ladi hamda har bir o‘quv yili uchun bir marotaba qabul qilinadi.

Bunda ariza beruvchi o‘zi ta’lim oladigan OTMning rektori (filial direktori) nomiga oyning 7-sanasigacha ariza bilan murojaat qilishi kerak. Fakultetlarning yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosarlari (mas'ullar) 1 kun ichida elektron tarzda yuborilgan arizalarni umumlashtirib, komissiyaga taqdim etadi.

Mas’ullar tomonidan taqdim etilgan arizalar 1 kun muddatda komissiya tomonidan o‘rganib chiqiladi va tegishli qaror qabul qilinadi.

Avvalroq ayrim ijtimoiy toifadagi talabalarga TTJga yo‘llanmalarni proaktiv shaklda berish tartibini joriy etish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.