Google Android foydalanuvchilarining shaxsiy ma’lumotlarini “maxfiy ravishda yig‘ish” da’vosi bo‘yicha $135 mln jarima to‘lashga rozi bo‘ldi.
Reuters nashrining yozishicha, da’vo seshanba kuni Kaliforniya shtatining San-Xose federal sudiga topshirildi va sudyaning tasdig‘ini talab etadi.
Da’vogarlar Google’ni Android operatsion tizimidagi smartfonlarni Wi-Fi'ga ulanmagan paytda ham mijozlar ma’lumotlarini uning serverlariga uzatadigan qilib dasturlaganlikda ayblashdi.
Kompaniyaning bu harakatlari foydalanuvchilar to‘lagan mobil internet trafik paketlarining sarflanishiga olib kelgan.
Google to‘plangan ma’lumotlardan korporativ maqsadlarda — targetingni yaxshilash va kartografiya imkoniyatlarini kengaytirish uchun foydalangan.
Qayd etilishicha, kelishuv doirasida Google foydalanuvchilar uchun ma’lumotlar uzatishni o‘chirish jarayonini ham soddalashtiradi.
Avvalroq Google foydalanuvchilarni yashirincha eshitgani uchun $68 mln to‘lashi haqida xabar berilgandi.
Kompaniya Google Assistant faollashtirilgach, shaxsiy suhbatlarni noqonuniy ravishda yozib olish va ularni maqsadli reklama uchun tarqatishda ayblanmoqda.
2025-yilda Buyuk Britaniyada Google’ga qarshi qariyb $7 mlrdlik jamoaviy da’vo qo‘zg‘atilgandi.
Da’vo arizasiga ko‘ra, Google umumiy qidiruv va qidiruv reklamalari bozoridagi ustunligidan foydalanib, reklama beruvchilardan yuqori narxlarni oladi.
Avvalroq Spot TikTok va Snap ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik bo‘yicha da’voni hal qilgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, da’voni hal qilish TikTok va Snap’ning ayblovni tan olgani emas. Ular suddan tashqari kelishuvga erishgan, biroq shartlar noma’lum.
