OpenAI foydalanuvchilarni biometrik tekshirish orqali botlar muammosini hal qilish maqsadida ijtimoiy tarmoq yaratishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi Forbes.

Nashri manbalarining aytishicha, u real odamlar uchun mo‘ljallangan platforma sifatida rejalashtirilgan.

Ilovani taxminan o‘n kishidan iborat kichik jamoa ishlab chiqmoqda. Ijtimoiy tarmoqda shaxsni biometrik tanib olish tizimi joriy etilishi mumkin.

OpenAI Apple’ning Face ID texnologiyasidan yoki Sem Altman asos solgan World startapining Orb qurilmasidan foydalanish imkoniyatini ko‘rib chiqqan.

Bunday tekshiruv ijtimoiy tarmoqdagi har bir akkaunt ortida haqiqiy inson turganini kafolatlaydi va botlar bilan bog‘liq muammoni hal qilishga yordam beradi, deb yozadi nashr.

2025-yil aprel oyida The Verge nashri OpenAI kompaniyasi X uslubidagi o‘z ijtimoiy tarmog‘i ustida ish olib borayotgani haqida ma’lumot bergan edi.

Manbalarning ta’kidlashicha, odamlar sun’iy intellektdan video yoki rasmlar kabi kontent yaratish uchun foydalanishlari mumkin.

Hozircha OpenAI ijtimoiy tarmog‘ini ishga tushirish jadvali yo‘q va manbalarning ogohlantirishicha, u ommaviy namoyishga tayyor bo‘lishidan oldin sezilarli darajada o‘zgarishi mumkin.

Avvalroq OpenAI joriy yilda birinchi gadjetni taqdim etishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.

Loyiha “reja bo‘yicha” ketmoqda, ammo kompaniya hozircha kelajakdagi mahsulotning aniq tafsilotlarini oshkor qilmayapti.