Uzbekistan Airways 22 ta Boeing 787−9 Dreamliner samolyotlarini sotib olish uchun kredit mablag‘larini jalb qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 28-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aviakompaniya boshqaruvi raisi Shuhrat Xudayqulov ma‘lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Ta‘minot 2030-yil oxirida boshlanadi va 3−4-yil davom etadi: dastlabki rejaga ko‘ra, park har yili 4−5 ta samolyot bilan to‘ldiriladi.

“Aviakompaniya tomonidan bu [Boeing 787 Dreamliner xaridi] juda zarur edi. Siz parvozlar geografiyasini, respublika ichidagi harakatchanlikni va umuman respublikaning dunyo bilan o‘zaro munosabatlarini ko‘ryapsiz. Shuni hisobga olib, shunday qarorga kelindi. Bundan tashqari, hozirda Uzbekistan Airways‘da parvoz qilayotgan samolyotlar Boeing 767, Boeing 787 esa kelajak samolyotlaridir. Bu [aviakompaniya] flotini yangilash kerakligini nazarda tutadi”, — deya izoh berdi aviakompaniya rahbari.

Mutaxassislarni tayyorlash uchun bu yil o‘quv-mashg‘ulot markazi bazasida MDH mamlakatlarida birinchi bo‘ladigan Boeing 787 Dreamliner samolyotining to‘liq trenajyorini o‘rnatish rejalashtirilgan. Shartnoma allaqachon imzolangan. Bungacha Boeing 767 va Airbus A320 samolyotlarining trenajyorlari bor edi, xolos.

Shuhrat Xudayqulov 22 ta Boeing 787 Dreamliner samolyotlarini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma narxiga izoh bermadi.

“Flotni ko‘paytirish doirasida ushbu samolyotlarni sotib olish uchun kredit mablag‘lari jalb qilinadi. Kompaniya bugungi kunda to‘liq to‘lovga qodir. O‘tgan yil davomida kompaniyaning sof foydasi 1,3 trln so‘m yoki $100 mlndan ortiq bo‘lishi kutilmoqda. Nima deb o‘ylaysiz, bunday o‘sishni ko‘rsatayotgan kompaniyaning bunga qurbi yetadimi? Tabiiyki, mumkin”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hisob-kitoblar amalga oshirilgan. Samolyotlarni sotib olish to‘g‘risidagi qaror kuzatuv kengashi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi va hukumat timsolida yagona aksiyadorning pozitsiyalarini hisobga olgan holda qabul qilingan.

Uzbekistan Airways rahbari ijtimoiy tarmoqlarda 22 ta Boeing 787 Dreamliner samolyoti go‘yoki Rossiya manfaatlari uchun shartnoma tuzilganligi muhokama qilinayotganini ta‘kidladi. “Aviakompaniya vakili va respublika fuqarosi sifatida buni eshitish men uchun yoqimsiz”, — deya qo‘shimcha qildi u va barcha samolyotlar O‘zbekiston manfaatlari yo‘lida parvoz qilishini ta‘kidladi.

aviakompaniya, boeing, samolyot xaridi, shuhrat xudoyqulov, uzbekistan airways

Boeing 787−9 xaridi

2025-yilning sentabr oyida Uzbekistan Airways Amerika Boeing korporatsiyasi bilan Boeing 787−9 Dreamliner havo kemalari yetkazib berish bo‘yicha “milliy tashuvchi tarixidagi eng yirik” shartnomani imzoladi.

Shartnomaga ko‘ra, 14 ta Boeing 787−9 Dreamliner samolyoti va ushbu turdagi 8 ta havo kemasini opsion sifatida yetkazib berish ko‘zda tutilgan, ularning birinchisi 2031-yilda kelishi kutilmoqda.

AQSh prezidenti Donald Tramp 22 ta Boeing 787−9 Dreamliner samolyotini yetkazib berishning umumiy qiymati $8 mlrddan oshishini maʼlum qildi. Ammo na O‘zbekiston havo yo‘llari, na Boeing shartnoma qiymatini oshkor qildi.

Spot 22 ta Boeing 787 Dreamliner samolyotlari qiymati Tramp aytganidan past bo‘lishi mumkinligi haqida yozgandi.

Uzbekistan Airways matbuot xizmati AQSh Davlat departamenti tomonidan aytilgan shartnoma summasi va uning tafsilotlari haqida Spot‘ga izoh bermadi.

Noyabrda Vashingtonda Uzbekistan Airways va Boeing sakkizta Boeing 787−9 Dreamliner samolyotiga opsionlarni qatʼiy buyurtmaga aylantirish to‘g‘risidagi kelishuvni imzoladi.

O‘sha kuni Shavkat Mirziyoyev va AQSh savdo vaziri Govard Latnik ishtirokida Uzbekistan Airways va Boeing o‘rtasida samolyotlarni yetkazib berish bo‘yicha shartnoma almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.

aviakompaniya, boeing, samolyot xaridi, shuhrat xudoyqulov, uzbekistan airways

Avvalroq Uzbekistan Airways reyslar o‘sishi pasayganini samolyotlar yetishmasligi bilan izohlagandi.