Xitoydan mandarin va ananas importi uchun vaqtinchalik taqiq o‘rnatildi. Bu haqda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi xabar berdi.
Taqiq mamlakatdan import qilinayotgan mandarin va ananas mevalarini olib kirishda o‘simliklar karantini obyektlari muntazam ravishda aniqlanayotganligi sababli joriy qilinmoqda.
Xitoydan import bo‘lgan mandarin va ananas partiyalaridan tegishli tartibda olingan namunalar Markaziy fitosanitariya laboratoriyasida eskpertizadan o‘tkazilgan.
Tahlil natijalariga ko‘ra, namunalarda “Sitrus oq-qanoti” (Dialeurodes citri Ashmead), Sharq sitrus qalqondori (Unaspis yanonensis Kuwana), “Ananas unsimon qurti” (Dysmicoccus brevipes Cockerell) kabi karantin osti zararkunandalari aniqlangan. Mazkur turdagi zararli organizmlar 20 ga yaqin yukda topilgani ma’lum bo‘ldi.
Zararlangan mahsulotlar to‘g‘risida Xitoy davlatining o‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha milliy tashkiloti ogohlantirilib, ma’lumotlar va tegishli hujjatlar taqdim etildi.
Taqiq o‘rnatilgan davrda Xitoy davlatidan olib kelinishi rejalashtirilayotgan mandarin va ananas mevalariga karantin ruxsatnomasini rasmiylashtirish vaqtincha to‘xtatildi.
Mazkur chora potensial xavf tug‘diruvchi o‘simliklar karantini obyektlarini O‘zbekiston hududiga kirib kelishi va tarqalishini oldini olish maqsadida taqiq sabablari bartaraf etilgunga qadar vaqtincha joriy etilmoqda.
Avvalroq Spot biznes shakar importiga bojni bekor qilishni so‘rayotgani haqida yozgandi.
Alkogolsiz ichimliklar va sharbatlar ishlab chiqaruvchilar uyushmasi apelsin va mango konsentratlarini ham o‘z ichiga olgan holda, konsentratlar importiga bojxona bojini nolga tushirishga chaqirdi.
