Shavkat Mirziyoyev va Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an raisligida oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Kelgusi yillarda tovar ayirboshlash hajmini, jumladan, Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimdagi tovarlar ro‘yxatini kengaytirish orqali $5 mlrdga yetkazish vazifasi belgilab olindi.
Tashrifga tayyorgarlik doirasida alohida dastur asosida amalga oshirilishi nazarda tutilgan sanoat kooperatsiyasining yangi ustuvor yo‘nalishlari ishlab chiqilgan.
Shuningdek, hududlararo hamkorlikning ulkan salohiyati qayd etildi. Yil oxiriga qadar O‘zbekistonning barcha viloyatlaridan delegatsiyalar hamkor hududlar bilan loyihalar portfelini ishlab chiqish maqsadida Turkiyaga tashrif buyuradi.
Qishloq xo‘jaligi, bog‘dorchilik, sog‘liqni saqlash va tibbiy turizm sohalarida Turkiyaning ilg‘or tajribasini joriy etish zarurligi taʼkidlandi.



Turizm yo‘nalishida aloqalarni rivojlantirish, teatr festivallari va madaniyat haftaliklarini o‘tkazish, tarixiy filmlarni birgalikda ishlab chiqarish, madaniy meros obyektlarini hamkorlikda tiklashga alohida eʼtibor qaratildi.
Taʼlim sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida shu yil bahorda Buxoroda to‘rtinchi Rektorlar forumini o‘tkazishga kelishib olindi.
Shuningdek, Qo‘shma hukumatlararo komissiya hamraislarining ko‘p qirrali hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari yuzasidan hisobotlari tinglandi.
Yig‘ilish yakunida ikki davlat hukumatlariga qabul qilingan qarorlarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi"ni tasdiqlash topshirildi.
Shavkat Mirziyoyev Rejep Tayyip Erdog‘anga O‘zbekistonga tashrif bilan kelishni taklif qildi.
Yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha ikki davlat rahbarlari Qo‘shma bayonot hamda Keng qamrovli strategik sheriklik doirasidagi hamkorlik mexanizmlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.






Bundan tashqari, ko‘p qirrali sheriklikning turli yo‘nalishlarini qamrab oluvchi ikki tomonlama hujjatlar to‘plami imzolandi. Xususan:
- sog‘liqni saqlash, taʼlim va harbiy tibbiyot sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risida;
- iqtisodiy va moliyaviy hamkorlik to‘g‘risida;
- konchilik sanoatida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida;
- xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida;
- maxsus iqtisodiy zonalar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida;
- yadro xavfsizligi, jisman himoya qilish, kafolatlar va radiatsion himoya sohasidagi hamkorlik va axborot almashinuvi to‘g‘risida;
- migratsiyaga ko‘maklashish va fuqarolarni o‘z mamlakatiga qaytarish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida;
- O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi va Turkiya Din ishlari boshqarmasi o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimlar;
- Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2026−2027-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;
- O‘zbekiston Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi va Turkiya Oliy taʼlim kengashi o‘rtasida bayonnoma;
- Madaniyat sohasida 2026−2027-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik rejasi.
Avvalroq Turkiya Akkuya AES qurilishiga o‘zbekistonliklarni jalb qilishi haqida xabar berilgandi.









