Shavkat Mirziyoyev 30-yanvar kuni O‘zbekneftgaz aksiyadorlik jamiyati faoliyati samaradorligini oshirish masalalari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Taqdimotda 2025-yilda jamiyat korxonalari tomonidan 25,2 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib chiqarilib, 56 ta yangi quduq burg‘ilangani, 29 ta quduq mukammal ta‘mirlangani qayd etildi.
2026−2027-yillarda tabiy gaz chiqarish hajmini barqaror darajada ta‘minlash, 300 dan ortiq geologik-texnik chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Taqdimotda buning uchun amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar to‘g‘risida axborot berildi.
Jumladan, geologiya-qidiruv va geologik-texnik tadbirlar samaradorligini oshirish, zaxiralarni ko‘paytirish va qazib chiqarish hajmlarining barqarorligini taʼminlash, xaridlar tartib-taomillarini takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Shuningdek, gazni chuqur qayta ishlash orqali qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish, import o‘rnini bosuvchi eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish, jamiyat va uning korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirish choralari ko‘riladi.


Kompaniya faoliyatida operatsion samaradorlikni oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Xususan, sohaga oid bo‘lmagan aktivlarni tasarrufdan chiqarish, homiylik to‘lovlarini to‘xtatish va xarajatlarni maqbullashtirish orqali moliyaviy barqarorlikni ta‘minlash rejalashtirilmoqda.
Ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish va sohada sunʼiy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish jamiyat faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi. Ichki nazorat va komplayens tizimini kuchaytirish, moliyaviy aktivlar harakatini qatʼiy nazorat qilish hamda korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Davlat rahbari belgilangan vazifalar va rejalashtirilgan barcha tadbirlar ijrosini aniq hisob-kitob, qatʼiy intizom hamda shaxsiy javobgarlik asosida taʼminlash yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Taqdimotda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish jarayonida, shu jumladan Surxondaryo viloyatida qayd etilgan texnogen holatlarga ham to‘xtalib o‘tildi.
“Bunday holatlar yangi istiqbolli maydonlarni izlash, quduqlarni chuqur burg‘ilash va geologik qatlamlarni o‘rganish jarayonlarining tabiiy tarkibiy qismi bo‘lib, ular dunyo amaliyotida ham ko‘p uchrab turadi. Yurtimizda bunday vaziyatlarda tegishli choralar ko‘rib borilayotgani ta‘kidlandi”, deyiladi xabarda.
Prezident geologik tadqiqotlar olib borilayotgan hududlarda doimiy monitoringni kuchaytirish va zamonaviy nazorat texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Aholi xavfsizligini ta‘minlash masalalariga alohida e‘tibor qaratish zarurligi ta‘kidlandi.
Avvalroq O‘zbekneftgazda katta taftish bo‘layotgani, sobiq rais Bahodirjon Sidiqov qamoqqa olingani haqida xabar berilgandi.


