Toshkent va Namangan viloyatlarida korrupsion holatlar fosh etildi, deb xabar berdi DXX.

Toshkent viloyati hokimligining Yagona buyurtmachi xizmati davlat muassasasi direktori o‘rinbosari kapital taʼmirlash ishlari bo‘yicha 2,07 mlrd so‘mlik shartnoma doirasida pudratchi tashkilot hisob raqamiga 1,1 mlrd so‘m bo‘nak o‘tkazib bergan.

U Shaffof qurilish tizimi orqali g‘olib deb topilgan obyekt bo‘yicha mazkur mablag‘ni o‘tkazgan. Ushbu shaxs mazkur ish uchun korxona rahbaridan $2000 olgan.

Biroq qurilish ishlari belgilangan muddatda bajarilmagan. Lekin mansabdor shaxs 643,5 mln so‘m penya undirish bo‘yicha sudga kiritilgan daʼvo arizasidan voz kechish orqali korxona foydasiga ajrim chiqartirgan. U mazkur harakatlar uchun $5000 pora olgan vaqtida qo‘lga olindi.

Hozirda ushbu mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “a, v” bandlari (Pora olish takroran, xavfli retsidivist yoki ilgari jinoyat sodir etgan shaxs tomonidan; tamagirlik yo‘li bilan) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasining tuman bo‘limlaridan biri boshlig‘i fuqaroga ko‘p yillik daraxtlarni kesishga ruxsat berishi evaziga $3000 pora olgan vaqtida ushlandi.

Maʼlum bo‘lishicha, ruxsat uyning ko‘cha qismida qurilish ishlarini amalga oshirish maqsadida so‘ralgan.

Hozirda mazkur rahbar xodimga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismi (Pora olish, yaʼni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsining o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni pora berayotgan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga shaxsan o‘zi yoki vositachi orqali qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar olishi yoxud mulkiy manfaatdor bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Namangan viloyati, Pop tumanidagi MFYlardan biridagi hokim yordamchisi tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan shaxsdan 2025-yilda $4500 oladi.

Hokim yordamchisi fuqaroga davlat zaxirasidagi 90 sotix yerni to‘yxona qurishi uchun olib berish va tegishli hujjatlarini tayyorlatishni vaʼda qilgan.

Muqaddam sudlangan hokim yordamchisi vaʼda qilingan ishni bitira olmaydi. U fuqaroga $4500 hisobidan 1,2 so‘mni qaytarib bergan vaqtida ushlandi.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a, v” bandlari (Firibgarlik ko‘p miqdorda; xizmat mavqeidan foydalangan holda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Uchtepa tumani hokimligi bosh mutaxassisi $3000 pora bilan ushlangandi.